Eng baxtli mamlakat e’lon qilindi. O‘zbekiston 42-o‘rinda
Finlyandiya 19 mart kuni e’lon qilingan "World Happiness Report"da ketma-ket to‘rtinchi marotaba «Dunyodagi eng baxtli mamlakat» reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
"World Happiness Report" hisoboti har yili BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari bo‘limi tomonidan tuziladi. U dunyoning 149 mamlakatini baholaydi va umr ko‘rish davomiyligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, korrupsiya va boshqalar kabi ko‘rsatkichlarni hisobga oladi.
«Baxtli mamlakat» to‘g‘risidagi hisobot ilk bor 2012 yilda e’lon qilingan edi.
Bu yil Islandiya, Daniya, Shveysariya, Niderlandiya, Shvetsiya, Germaniya, Norvegiya, Yangi Zelandiya va Avstriya ham eng baxtli mamlakatlar o‘nligiga kiritilgan. AQSh 14-o‘rinda, Buyuk Britaniya 18-o‘rinda, Fransiya 20-o‘rinda.
O‘zbekiston 149 mamlakatni o‘z ichiga olgan mazkur reytingda 42-o‘ringa joylashdi. Umuman, sobiq SSSR davlatlari orasida Estoniya va Litva eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega - ular mos ravishda 28 va 29-o‘rinlarda, Qirg‘iziston - 33, Latviya - 34, Qozog‘iston - 36, Moldova - 49, Rossiya - 60, Tojikiston - 62, Ukraina - 69, Gruziya - 73-o‘rindan joy oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra «eng baxtsiz» mamlakat - Zimbabve (reytingning so‘nggi qatori) va Tanzaniyadir.
Internet ma’lumotlari asosida G.Xoldorova tayyorladi.