Eng qisqa va eng uzun ta’tillar
Dunyo mamlakatlari mehnat qonunchiligi turli o‘ziga xosliklari bilan ajralib turadi. Masalan, dunyodagi eng uzun mehnat ta’tili Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya, Avstriya va Kanada davlatlarida. Bu yerda xodimlar yiliga kamida 5 hafta dam olishadi. Eng qisqa ta’tillar esa Filippin, Meksika va Singapur aholisiga nasib etgan. Bu mamlakatlardagi ishchilar yiliga 5, 6 va 7 kun dam olish huquqiga ega.
Ishchilar va ish beruvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi birinchi mehnat nizomi qadimgi Bobilda yaratilgan va Hammurapi kodeksi deb nomlangan.
Isroil davlatida ta’til kunlaridan tashqari, xodimlarga "salomatlik" kunlari ham qo‘shib beriladi. Kamida 19 yillik ish tajribasiga ega isroilliklarga 28 ta’til kuniga 9 "salomatlik" kuni qo‘shiladi.
Eng qisqa ish haftasi Niderlandiyada bo‘lib, bu 30,5 soatni tashkil etadi.
Yaponiya mehnat qonunchiligida agar ayol xodim homiladorlikka qadar tashkilotda bir yildan kamroq vaqt ishlagan yoki turmush o‘rtog‘i badavlat bo‘lsa, uning bola parvarishi uchun ta’tiliga haq to‘lanmasligi mumkin.
Ba’zi mamlakatlarda hafta oxiri shanba va yakshanba emas, balki haftaning boshqa kunlaridir. Misol uchun, isroilliklar yakshanba kuni ishga boradi va ish haftasini payshanba yoki juma kuni tushdan keyin tugatadi. Jazoir va Saudiya Arabistonida odamlar shanbadan chorshanbagacha, Eronda esa shanbadan payshanbagacha ishlaydi.
Xitoyda 6 kunlik mehnat haftasi, 10 soatlik ish kuni amal qilinadi. Shu bilan birga, fuqarolar yiliga atigi 10 kunlik mehnat ta’tili olish huquqiga ega.
Shvetsiya korxonalari esa asta-sekin olti soatlik ish kuniga o‘tmoqda. Stokgolmdagi Filimundus kompaniyasi direktori Linus Feldt o‘z intervyusida "8 soatlik ish kunidan 6 soatlik ish kuniga o‘tish bizning xodimlarimizga sarmoya kiritayotganimizni ko‘rsatadi. Agar xodimlaringiz baxtli bo‘lsa, unda butun kompaniya baxtlidir",-degan u. Shuningdek, amerikalik ixtirochi Tomas Edison yosh ixtirochini ishga olishdan bosh tortgani haqida ham hikoyalar mavjud. Bo‘lg‘usi xodim qat’iyatli bo‘lib, o‘zining qanchalik mehnatsevar va muntazam mehnat ta’tilisiz ishlayotgani haqida so‘zlab beradi. Edison uni ishga qabul qilmaydi va bu harakatini inson shuncha vaqtdan buyon ta’tilsiz ishlayotgan ekan, unda u qachon fikrlaydi,- deya izohlaydi.
Shunday qilib, Gonkong, Pokiston va Vetnamda rasmiy ta’til 14 kun, Hindiston va Indoneziyada - 12 kun davom etadi. Kanada aholisini 10 kunlik ta’til bilan cheklansa, xitoyliklar ham 10 kunlik ta’tilga ega.