Eng sodiq... Hayotda bir marta juftlik yaratadigan hayvonlar
Hayvonlarning ayrim turlari har yili yangi sherik izlaydi, boshqalari esa “turmush o‘rtog‘i”ni bir marta va bir umrga tanlaydi. Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi ma’lumotlari sutemizuvchilar turlarining atigi 5 foizi monogamiya (bir juftlilik yoki faqat bir xotin yo faqat bir er bilan nikohda bo‘la olish)ni reproduktiv harakat sifatida tanlashini ko‘rsatdi.
Bugun yovvoyi tabiatdagi hayotida bir marta juftlashadigan hayvonlar bilan tanishamiz.
Shumtaka (maymunlar turi)
Shumtakalar kichik oilalar (ota-ona va bolalar) bo‘lib yashashni afzal ko‘radigan primatlardir. Bu maymunlar butun umri davomida bir-biriga sodiq qoladi. Ular o‘z jufti bilan juda yaqin hissiy aloqalarni o‘rnatishga moyil, deyarli barcha vaqtini bir-biri atrofida o‘tkazadi va sherigini himoya qiladi. Mabodo ular ajratilgudek bo‘lsa, shumtakalarning biri ruhiy azob va stressni boshdan kechiradi.
Dikdiklar (kiyiklarning bir turi)
Antilopalarning aksariyat turlari katta podalarda o‘tlashni afzal ko‘radi, lekin nozik dikdik kiyiklari hayot tarzi bilan ulardan ajralib turadi. Ular bir juftlilikda yashaydi, erkaklari hech qachon urg‘ochisidan ajralmaydi va o‘zining 64 foiz vaqtini oilasi bilan birga o‘tkazadi. Dikdik kiyiklarining himoya qiladigan o‘z hududi bor.
Koyotlar (Itsimon bo‘rilar)
Koyotlar Shimoliy Amerika bo‘ylab ko‘plab turdagi ekotizimlarda uchraydi, biroq ularning hulqining bir tomoni hamon o‘zgarishsiz qolmoqda. Koyotlar ushbu ro‘yxatimizdagi eng sodiq hayvonlardan biridir. Boshqa itsimon bo‘rilarda bo‘lgani kabi, bolalarini o‘stirish muvaffaqiyati ikkala ota-onaning hamkorligiga bog‘liq.
Dengiz oti
Bir juftlilik faqat yerdagi mavjudotlar bilan chegaralanib qolmaydi. So‘qqabosh dengiz otlari juftini uchratgach, dumlarini bir-biriga bog‘lab, bo‘lajak turmush o‘rtoqlari bilan raqsga tushishadi. Ular o‘z turmush o‘rtog‘iga umr bo‘yi vafoli er-xotin bo‘lib qoladi. Erkak dengiz oti bolalarini qornidagi qopda olib yuradi. Ular odatda qisqa umr ko‘rishadi (to‘rt yilgacha).
Kulrang tulki
Ham sarg‘ish, ham kul rang tulkilar monogam sutemizuvchilaridir. Katta yoshli juftlik oilasi o‘z bolalari, hamda ularni tarbiyalashga yordam beradigan yolg‘iz qolgan urg‘ochi qarindoshlardan iborat kichik oilaviy guruhlarga bo‘linib yashashadi.
Suv qunduzi
Ota-onasi bilan ikki yil yashaganidan so‘ng, yosh qunduzlar umrining oxirigacha (odatda 20 yil) birga qoladigan o‘z umr yo‘ldoshini topish uchun uyani tark etadi. Qunduzlardan biri vafot etgandan so‘ng kemiruvchi o‘ziga boshqa sherik izlashi mumkin. Qizig‘i, Yevropa qunduzlari tamoman monogam hisoblangan bir paytda, Kanada qunduzlari faqat juftlashish davrida boshqa qunduzlarga “e’tibor” qiladi.
Gibbonlar (maymun turi)
Gibbonlarning barcha (19) turi juftlashib, o‘sib ulg‘ayotgan avlodni tarbiyalash uchun oila yaratadi. Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va doimiy parvarish qilish mas’uliyati gibbonlarni bir-biriga bog‘lab qo‘yadi. Biroq ular birinchi navbatda monogram bo‘lishiga qaramay, gibbonlar odamlarga o‘xshaydi, chunki ular ba’zan ajrashishadi va o‘ziga boshqa juft izlab topib, qaytadan oila qurishi mumkin.
Kalta dumli ssink (kaltakesak)
Bu kaltakesaklar yilning ko‘p qismini yolg‘izlikda o‘tkazadi, lekin har bir juftlashish mavsumida faqat bitta, o‘zining oldingi sherigi bilan uchrashadi. Juftlashish davrida bu kaltakesaklar nafaqat monogam hayot kechiradi, balki sayohatni ham bir-birining yonida juft bo‘lib o‘tkazadi. Bu hayvonlar umr bo‘yi birga bo‘lishadi (yigirma yillar atrofida), erkak muntazam ravishda urg‘ochini avaylab, erkalab parvarish qiladi. Juda qiziq, shunday emasmi?
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.