"Eng ulug‘, eng aziz": Viloyat hokimi faol ijodkorlar ijodini e’tirof etdi

Viloyat hokimligida Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etib, tanlov g‘oliblarini tabrikladi va ularga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Tanlovda 29 nafar ijodkor 200 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Ularning 16 nafari g‘olib bo‘ldi.
Tadbir avvalida ko‘rik-tanlovga yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, tasviriy san’at namoyandalari, qo‘shiqchilik, foto va dizayn ustalarining “ Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, shuningdek, “ Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili ” Davlat hamda hududiy dasturlarining ijrosi, mazmun-mohiyati va targ‘iboti aks etgan ijodiy ishlar qabul qilingani aytib o‘tildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, taqdim etilgan ijodiy ishlarda mamlakatimizda, xususan, viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholining turmushini yaxshilashga, joylarda obodonlashtirish sohasida, iqtisodiy imkoniyatlarini yanada yaxshilash borasidagi ishlar, aholi, ayniqsa, yoshlar farovonligi yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar asosida xolis va haqqoniy yoritilgan.
Tanlovda yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, jurnalistlarning publitsistik nashrlari, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining ijodiy ishlari, ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari, televideniye va radio ijodkorlarining ko‘rsatuv va eshittirishlari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari, san’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari nominatsiyalari bo‘yicha 16 nafar g‘olib taqdirlandi.
- Bunday tanlovlar biz kabi ijodkorlarni yanada ilhomlantiradi, - deydi tanlov g‘olibi Hurshid Nurillayev. – Albatta, bu g‘oliblik diplomi bizga ilhom bag‘ishlash bilan birga mas’uliyat ham yuklaydi. Bundan keyin yanada jo‘shqin ijod qilishga undaydi.
***
G‘oliblar bilan tanishing!
Viloyatdagi yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, jurnalistlarning publitsistik nashrlari nominatsiyasi
Xosiyat Bobomurodova – O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, erkin ijodkor.
Nazm yo‘nalishi bo‘yicha “Baxt maydoni” she’rlar, dramalar, dostonlar, qatralar, esselar saylanmasi uchun;
Hamza Jo‘rayev – “Durdonai Sharq” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari.
Badiiy publitsistika yo‘nalish bo‘yicha “Jadidoni Samarqand” adabiy tadqiqot, badiiy publitsistik kitobi uchun;
Hafiza O‘sarova – Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining Jomboy tuman bo‘linmasi raisi.
Nasr yo‘nalishi bo‘yicha “Qishloqdagi o‘ylar” nasriy hikoyalar kitobi uchun.
“Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari” yo‘nalishi
Yormamat Rustamov – viloyat “Camarkandskiy vestnik” gazetasi maxsus muxbiri.
Davlat va hududiy dasturlar ijrosi, yurtimizning dunyo mamlakatlari orasida erishayotgan yutuqlari, turizm, ijtimoiy, iqtisodiy islohotlar yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar aks etgan tahliliy-tanqidiy maqolalari uchun;
Jamshid Nosirov – Kattaqo‘rg‘on shahar “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi muharriri
Shaharda hududiy dasturlar ijrosi, aholi, ayniqsa, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik, yaratuvchanlik kabi ezgu ishlar aks etgan maqolalari uchun;
Xurshid Nurillayev – “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi. Respublika, viloyat, tuman va shahar gazetalari jamoatchi muxbiri.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, tinchlik, shukronalik tuyg‘ularini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan turkum maqolalari uchun.
“Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” yo‘nalishi
Abib Ismailov – O‘zbekiston rassomlar uyushmasi a’zosi, rassom dastgohli rangtasvirchi.
Samarqanddagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar hamda tarixiy shaxslarning siymosini yaratgani uchun;
Manzura Normamatova – “Karet dizayn” xususiy korxonasi dizayneri.
Samarqand shahri va uning atrofidagi ko‘chalarda tasvirlangan mustaqillik, bunyodkorlik, obod maskanlar aks etgan dizaynerlik ishlari uchun.
“San’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari” yo‘nalishi
Malika Akmaljonova – “Nihol” mukofoti sovrindori, Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘qituvchisi.
“Durdonam, Vatan” qo‘shig‘i uchun;
Otabek Abdullayev – O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Samarqand viloyat hududiy bo‘limi ikkinchi toifali xonandasi.
“Vatan” qo‘shig‘i uchun;
Bahodir Azizov – O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Samarqand viloyat xududiy bo‘limi oliy toifali artist-sozandasi.
“Yangi O‘zbekiston” qo‘shig‘ini bastalagani uchun.
“Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari” yo‘nalishi
Dildora Boyniyozova – Samarqand viloyat teleradiokanali davlat muassasasining ikkinchi toifali muharriri.
Yurtimizda, xususan, viloyatimizda ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar, qadriyatlarimizni ulug‘lash, tariximiz hamda milliy madaniyatimizni keng targ‘ib etishga qaratilgan ko‘rsatuvlarni yoritishdagi faolligi uchun;
Mo‘minjon Habibov – Samarqand viloyat teleradiokanali davlat muassasasining ikkinchi toifali montaj ustasi
Yangi O‘zbekistonda yangicha qarashga qaratilgan ko‘rsatuv va lavhalarni montaj qilishdagi mahorati uchun;
Zilola Pirnazarova – Samarqand viloyat teleradiokanali davlat muassasasining radio guruhi birinchi toifali muxbiri
Yil dasturlari ijrosi, inson qadrini ulug‘lovchi eshittirishlari, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, turizm sohasi salohiyatining oshib borishi, zamondoshlarimiz siymosini yaratishdagi faolligi uchun.
“Ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari” nominatsiyasi
To‘lqin Siddiqov – viloyat Zarnews.uz veb-sayti muxbiri.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini keng targ‘ib qilish, davlat va hududiy dasturlar ijrosi, tadbirkorlik, obodonlashtirish, ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar aks etgan materiallari uchun;
Sharifjon Saxatov – viloyat, tuman gazetalarining veb-saytlari jamoatchi muxbiri
Tarixiy ob’yektlarni asrash, ularni aholi o‘rtasida targ‘ib etish, ta’lim sifati oshib borayotgani, yoshlar o‘rtasida ziyoratgohlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan materiallari uchun.
Husan Eltoyev.