Islom Karimov: Eng yaxshi sarmoya - bu bilimga bo‘lgan sarmoyadir
Islom Karimov 1938 yilning 30 yanvarida dunyoga kelgan.
Stalin qatag‘onlari va “qizil terror” avjiga chiqqan ushbu yilda jadid harakatining deyarli barcha vakillari – millatimizning intellektual elitasi qirib tashlangan edi.
Turkistonda XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidchilik harakati vakillari o‘lkani mustamlaka kishani hamda asriy qoloqlikdan ozod etish, mazlum xalq qalbiga ma’rifat ziyosi, milliy o‘zlik va erk tuyg‘usini singdirish, sof diniy qadriyatlarni tiklashni oliy maqsad qilgan edilar. Shu tariqa ular O‘rta Osiyo tafakkuri tarixida o‘ziga xos yangi Uyg‘onish davrini boshlab berganlar.
Afsuski, murakkab tarixiy sharoit jadid bobolarimizga o‘z maqsadlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qildi.
Stalin qatag‘onlari davrida jadid ma’rifatparvarlarining asosiy qismi jismonan yo‘q qilindi. Hurriyatni bayroq qilib chiqqan insonlarga “millatchi” va “xalq dushmani” tamg‘asi bosildi. Ma’rifatparvar bobolarimiz yozgan badiiy, ilmiy va publitsistik asarlar xalq qalbida erk tuyg‘usini jo‘sh urdirishi, milliy o‘zlikni uyg‘otishi mumkin edi. Shu bois sho‘ro propaganda mashinasi millatning chinakam ziyolilari nomini xalq qalbi va xotirasidan butkul o‘chirishga harakat qildi, jadid adabiyotini o‘qish taqiqlandi. Zotan, qizil imperiya xalqni tarixiy xotirasi va milliy o‘zligidan mahrum etish orqali osongina boshqarish va o‘z izmiga solishni ko‘zlagan edi.
Sobiq tuzum bu borada o‘z maqsadiga erishdi deyish mumkin. Maktab va oliy o‘quv yurtlarida V.Leninning mafkuraviy qarashlari, hayot haqiqatidan yiroq sotsialistik realizm namunalari, KPSS tarixi, ilmiy ateizm, marksizm-leninizm g‘oyalariga asoslangan falsafa kabi sun’iy o‘ylab topilgan fanlar o‘qitilar edi...
Nikita Xrushchyov zamonidagi “iliqlik” davrida Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lpon qalamiga mansub asarlar ayrim qisqartirishlar bilan chop etilgan bo‘lsa-da, xalqimiz o‘zining ulug‘ farzandlari nomini unutgan edi. Jadidchilik namoyandalarining ma’naviy merosi tarixning butkul noma’lum sahifasiga aylangandi...
Bundan bor-yo‘g‘i 30 yil avval Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori, Xudoybergan Devonov, Ishoqxon Ibrat kabi peshqadam ma’rifatparvarlar nomi, tor doiradagi mutaxassislarni inobatga olmaganda, keng jamoatchilikka notanish bo‘lgani bugun tasavvurga ham sig‘maydi.
Islom Karimov O‘zbekiston rahbarligiga kelgan 1989 yilda yurtda ana shunday og‘ir ma’naviy muhit hukmron surardi. Bir yarim asr davom etgan mustamlaka va mutelik davri xalq ongida o‘ta salbiy asorat qoldirgandi.
Karimov parlament minbaridan 1991 yil 31 avgustda O‘zbekistonning davlat mustaqilligini e’lon qilgan tarixiy lahzalarni yodga olaylik. Mamlakat tarixidagi burilish nuqtasi sanalgan o‘sha pallada aksar deputatlar mustaqillik haqidagi qarorni olqishlab qarsak chalishga ham jur’at qila olmagan edi. Islom Karimov da’vati va daldasidan keyingina deputatlar yuz bir taraddud bilan qarsak chalgan edi...
Deputatlarning ushbu qo‘rquv va hadiksirashining yana bir sababi bor edi – o‘sha paytda O‘zbekiston hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Markazga bo‘ysungan Sovet qo‘shinlari – Turkiston harbiy okrugi kuchlari mavjud edi. O‘sha tahlikali va mushkul tarixiy davrda Mustaqillikning e’lon qilinishi Islom Karimov uchun qanday oqibatlar olib kelishi mumkinligini avvaldan aytib bo‘lmas edi.
Darhaqiqat, mustaqillik arafasi mamlakatimiz siyosiy beqarorlik, iqtisodiy tanglik, millatlararo ixtilof va ma’naviy inqiroz holatida edi. Karimov uzoqni ko‘ra bilgan siyosatdon sifatida chinakam ma’noda ozod Vatan qurmoq uchun, eng avvalo, bir yarim asr davomida mustamlaka davrini boshdan kechirib, o‘tmishini unutgan, tarixiy ildizlaridan uzoqlashgan, mute kayfiyatga tushib qolgan xalqni uyg‘otish, uning milliy g‘ururi va o‘zligini tiklash, o‘ziga bo‘lgan ishonchini qaytarish lozimligini teran anglar edi.
Prezident Karimov milliy mustaqillik mafkurasini ma’lum ma’noda Jadid harakati ideallari va qarashlariga tayangan holda ishlab chiqdi. U Mustaqillikning ilk kunlaridanoq milliy o‘zlikni uyg‘otish, xalqning ma’naviy, tarixiy va madaniy merosini tiklash masalasini davlat siyosati, strategik vazifa darajasiga ko‘tardi. Jadid harakati vakillarining 60 yil davomida temir sandiqlarda saqlangan asarlari yana yorug‘ dunyo yuzini ko‘rdi, ularning ilmiy-adabiy merosi keng tadqiqot etila boshladi, ma’rifatparvarlarning g‘oyalari va faoliyati o‘rta hamda oliy ta’lim dasturiga kiritildi.
Prezident Karimov mustaqillik va suverenitetni mustahkamlash uchun eng avvalo, hur fikrli va yuksak bilimli yoshlarni tarbiyalash lozimligini teran anglar edi. Shu bois ham u intellektual elitani shakllantirish uchun mablag‘ni ayamadi.
Mustaqillikning ilk yillari mamlakatimiz og‘ir iqtisodiy-moliyaviy sinovlar bilan yuzma-yuz bo‘lgani ma’lum. Zero, respublikaga SSSRdan butkul bo‘shagan g‘azna meros bo‘lib o‘tgan edi. Ana shunday sinovli yillarda Karimov mamlakatning iqtidorli yoshlariga dunyoning peshqadam oliy o‘quv yurtlarida ta’lim berish maqsadida “Umid” nomli prezident jamg‘armasiga asos soladi. “Umid” jamg‘armasi 1997 yilda tashkil etilganidan boshlab, keyingi besh yil davomida 828 nafar o‘zbekistonlik yigit-qizlar AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiyaning yetakchi universitetlarida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida tahsil oldilar.
Islom Karimov uzoqni ko‘ra bilgan siyosatdon sifatida bilim uchun, mamlakatning intellektual taraqqiyoti uchun sarflangan sarmoya qisqa muddatda bo‘lmasa-da, ma’lum vaqt o‘tib, shubhasiz, o‘z mevasini berishiga imoni komil edi.
Bu – Birinchi Prezident tomonidan qo‘yilgan yosh mustaqil davlatning salohiyatini tiklash, mustamlakadan keyingi davrning yangi intellektual elitasini – keng dunyoqarash, ilg‘or fikrga ega hamda peshqadam G‘arb universitetlarida oliy ma’lumot olgan yangi avlodni shakllantirish yo‘lidagi tarixiy qadam edi.
Hozirgi paytda Karimov Fondi O‘zbekiston mustaqilligi me’morining xotirasiga hamda Prezident Karimovning “Eng yaxshi sarmoya bu – bilimga bo‘lgan sarmoyadir”, degan maslagiga ehtirom ramzi sifatida mamlakatimiz iqtidorli yoshlariga ta’lim bo‘yicha grantlar ajratishni davom etmokda.
2016 yildan buyon Karimov Fondi tomonidan 32 nafar o‘zbekistonlik yigit va qizlarga Germaniya, Italiya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya hamda Polshaning peshqadam universitetlarida ikki yil davomida tahsil olish uchun grantlar taqdim etildi. Ushbu ta’lim grantlari qayta tiklanuvchan energiya manbalari; kimyo; suv va yer resurslarini boshqarish; mashinasozlik texnologiyalari; me’moriy yodgorliklarni muhofaza etish va qayta tiklash; shaharsozlik; mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning marketingi; arxitektura, mahsulotlar dizayni; tasviriy san’at; turizm; axborot xizmatlari va jamoatchilik bilan aloqalar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olish imkoniyatini beradi.
Karimov Fondi.