Erdo‘g‘an: 150 mingga yaqin qochoq Turkiyadan Gretsiya tomon yo‘l olgan
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqara qochoqlar uchun chegarani ochib berganidan so‘ng 150 mingga yaqin qochoq Gretsiya tomon yo‘l olganini ma’lum qildi.
Idlibdagi (Suriya) vaziyat keskinlashganidan keyin Turkiya qochoqlar, muhojirlar oqimini ortiq ushlab tura olmasligini ma’lum qildi va Yevropa Ittifoqi bilan Turkiya o‘rtasidagi chegaralarni ochib yubordi. Muhojirlar inqirozi asosan Turkiya bilan chegaradosh davlatlar – Gretsiya va Bolgariyaga tahdid solmoqda.
“Biz qochoqlarni to‘qqiz yil boqdik va kiyintirdik. Endi ular Yevropaga borishni istashyapti. Men har doim aytganman: agar bu yukni biz bilan bo‘lishmasangiz, biz eshiklarni ochamiz. Ular meni hazillashyapti, deb o‘yladi. Ammo men eshiklarni ochdim. Ayni vaqtda bizning mehmonlarimiz ketyapti, biz ularni ushlab turishga majbur emasmiz. 150 mingga yaqin odam Gretsiya tomon yo‘l oldi. Ayni vaqtda u yerdan ularni kuch ishlatib ortga qaytarishga harakat qilishmoqda”, dedi Erdo‘g‘an Adolat va rivojlanish partiyasining parlament fraksiyasida qilgan chiqishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Qochoqlar Gretsiyada qolish niyatida emas. Ularga sizning hududingiz orqali yanada boyroq mamlakatlarga borishlariga imkon bering, eshiklaringizni oching. Biroq qochoqlarga hujum qilib, insoniyatga qarshi jinoyat sodir etayotgan Gretsiyaga hech kim hech narsa demayapti. O‘z hayotlarini saqlab qolishni va farzandlari uchun kelajak qurishni istovchi insonlarga qarata o‘q uzish – bu vahshiylik”.