Erkin A’zamning “Parizod”i

“Kinoqissa” atamasi XX asrning ikkinchi yarmidan so‘ng adabiyotimizda bot-bot uchrab turadi. Jumladan, Sharof Rashidov, Jamol Kamol, Usmon Azim ba’zi bir asarlarini shu nom ostida taqdim etishgan. Erkin A’zamning ijodida bu xildagi asarlar mustaqil janr sifatidagi xususiyatlarini namoyon etdi. Avvalo, kinoqissaning janr poetikasini tushunish uchun uning kino senariy va qissadan farqli jihatlariga e’tibor qaratish zarur.

Ma’lumki, nasriy asarlarni kinoga aylantirish juda katta mehnat talab qiladi. Ikkinchidan, kino san’ati yozuvchi taqdim etgan nasriy asarning barcha jozibasini o‘zida aks ettirolmaydi, chunki nasr individual idrokka moslab yoziladi, kinoda esa unday emas. “Anna Karenina”, “O‘tkan kunlar”, “Shum bola” asarlarining kitob va kino  variantlarini solishtirib ko‘rganda, bu farqli jihatlar aniqroq ko‘zga tashlanadi. Jumladan, “Anna Karenina” kinofilmida roman syujetidagi sevgi uchburchagi bilan bog‘liq epizodlar asos qilib olinadi.

Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili” romani asosida kinofilm olishlariga rozilik bermagan edi. Yozuvchining fikricha, Ursula timsolida kimdir buvisini, kimdir ammasini, kimdir biror bir tanishini ko‘rgandek bo‘ladi, ya’ni kitobxonlar ongida obrazning rang-barang qiyofalari naqshlanadi. Agar kinoga olinsa, o‘sha obrazni tomoshabin rol ijro etgan aktrisa qiyofasida tasavvur qiladi, aytish mumkinki, obrazning siymosi yakranglik kasb etadi.

Nasriy asarning atay kinoga moslab yozilishi esa boshqa masala. Bunda har ikkala san’at xususiyatlari hisobga olinadi. Yuqorida ko‘rib o‘tilganidek, badiiy asarning poetikasiga putur yetmaydi. Shubhasiz, kino san’ati badiiy asarni ommalashtirishda, reklama qilishda muhim bir vosita. Tan olish kerakki, chinakam badiiy asar ommaviy bo‘lavermaydi. Masalaning boshqa tomoni ham borki, bo‘lmag‘ur asardan yaxshigina kinofilm ham yaratish mumkin, go‘yoki o‘ziga yarasha  she’rni boshqa bir tilga yaxshigina tarjima qilgandek (Bunda rejissyor, tarjimon, shuningdek, Erkin A’zam aytgandek “adabiy mardikor” nazarda tutilyapti).

Bu masalada Erkin A’zam shunday yozadi: “Shuncha kitob-daftarimiz bir bo‘ldi-yu boshqa, bizga yoqmagan, allaqanday erish tuyulgan “Chantirimore”ning televizordagi kutilmagan ilk namoyishi bir bo‘ldi! Ertasigayoq shuhrat tojini kiydik. Ovora bo‘lib, kitob yozib yurganimizni qarang, gap bu yoqda ekan-ku”.

Yozuvchining keyingi jumlalarida ozgina kinoya bor, albatta. Biroq Erkin A’zam ijodini xronologik tarzda ko‘zdan kechirganda shunga guvoh bo‘lishi mumkinki, ayni shu asar ekranlashtirilgandan so‘ng, adib har ikki  san’atni sintez qilishga jiddiy kirishganligi seziladi. Shuning uchun professor Umarali Normatov “Chunonchi, “Suv yoqalab”, “Zabarjad” asarlari kinoqissa deb yuritilgan,  “Jannat o‘zi qaydadir” esa dramatik qissa deb atalgan;  “Suv yoqalab”, “Zabarjad”,  “Jannat o‘zi qaydadir” asosida ajoyib filmlar yaratildi, ammo uchala asar ham ayni paytda yetuk qissa namunasi tarzida shavq bilan o‘qiladi”, deb yozadi. Shu bilan birga kinnoqissalarni boshqa san’at turlaridan farqlanuvchi bir qator muhim alomatlari ham bor. Birinchidan, kinoqissa dramatik asarlardagi sahna ko‘rinishlaridek alohida epizodlardan, manzaralardan tashkil topadi; ikkinchidan, nasriy asarlardagidek, batafsillikni ko‘tarmaydi; uchinchidan, diologlarning dramatizm asosiga qurilishi va tomoshabopligi bilan dramatik asarlarga yaqin turadi. Shuningdek, nasriy asarlarda ekspozitsiya syujet tarkibiy qismlaridan oldin, keyin, oxirida, ba’zan aralash tarzda kelishi mumkin. Kinoqissalarda, asosan, dramatik asarlardagi kabi muqaddimada keladi.

Nasriy asarni kino tasmasiga ko‘chirish oson emas. Chunki kino imkoniyatlari o‘qib, uqiladigan badiiy so‘zning jilosini, tarovatini, zavq-shavqini qismangina ko‘rsatishi mumkin, xolos.

Erkin A’zam qissalari va romanida uchraydigan chuqur psixologik tahlil, ruhiy kechinmalarning tafsiliy ifodasi kinoqissalarida uncha muhim o‘rin tutmaydi. Kinoqissalarda psixologik holatning avj nuqtalari qisqa satrlarda, xarakterli chizgilarda ifodasini topadi. Boisi tomoshabinga “hazmi og‘ir” narsalar singishmaydi.

Fabula deyilganda, syujet voqealarining hayotdagi ketma-ketlik tartibi nazarda tutiladi. Masalan, latifa, masallarda voqea-hodisa xronologik tartibda beriladi. Erkin A’zam kinoqissalari kompozitsiyasi to‘g‘risida so‘z ketganda, ana shu fabulalikka e’tibor qaratish kerakki, bu xususiyat ham uning tomoshabopligidan kelib chiqqan alomatdir.

Adabiy turlar va janrlar o‘rtasida Xitoy devori o‘rnatilmagan. Muayyan tur va janr xususiyatlari o‘zga tur va janrlarda ham uchrayveradi. Biroq ma’lum nazariy asoslarning ustivorligi o‘sha janrning tabiatini belgilab keladi. Jumladan, Erkin A’zamning kinoqissalarida ham shunday holatni ko‘rish mumkin. Kinoqissalar shaklan nasriy janr talablariga muvofiq kelsa-da, ichki pafos nuqtai nazaridan dramatik janrlarga hamohanglik kasb etadi. “Suv yoqalab”, “Zabarjad”, “Parizod”, “Tanho qayiq” kabi kinoqissalarda dramatizm va dramatiklik xususiyatlari asos bo‘lib xizmat qilgan. Ma’lumki, tamoshaboplik dramatik janrlarning muhim belgilaridan hisoblanadi. Ana shu xususiyat kinoqissalarning ham poetik tarkibida qonuniylashib boryapti. Boshqa tomondan, kinoyaviylik singari voqea-hodisalarning eng avj dramatik nuqtalariga alohida e’tibor Erkin A’zam individual uslubining o‘ziga xosligini ham tayin etadi. E’tibor qilinsa, kinoqissalar va dramatik qissalardagi asosiy qahramonlarning hayot yo‘li, taqdirlari fojialar girdobida kechadi. Bolta Mardon, Zabarjad, Parizod, Jo‘raqul domla, Orol bobo... Kinoqissalar poetikasiga xos xususiyatlardan biri dramatik asarda bo‘lganidek, har bir epizod o‘zidan oldingi epizoddan o‘sib chiqadi va o‘zidan keyingisiga mantiqiy zamin hozirlaydi.

XX asr g‘arb modern daramaturglari va rejissyorlari mumtoz teatr an’analarini eskirgan, bugungi talablarga javob bermaydi deya hisoblab, o‘z tomoshalariga turlicha o‘zgarish va yangilanishlar kirita boshladilar. Ular teatr san’atiga jiddiy raqib bo‘lib, kundan kunga katta auditoriyani qamrab olayotgan kino san’atiga imkoniyatlarni boy berib qo‘ymaslik uchun turli-tuman san’atlarning, jumladan, kino san’atining xususiyatlarini ham o‘z teatrlari repertuariga singdira boshladilar. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib kino san’ati nafaqat teatr, balki badiiy adabiyot kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘dira boshladi. Xose Ortega-i-Gasset ta’kidlagandek, o‘quvchini mushohadaga chorlaydigan, unga ruhiy oziq beradigan elitar adabiyotga mansub romanlarni mutolaa qiladigan kitobxon qolmadi, oldi-qochdi mavzuidagi ommabop adabiyotning bozori chaqqon bo‘la boshladi. Postmodern adabiyot davrida teatr bilan kinoning birikuvidan teleseriallar paydo bo‘lgan bo‘lsa, so‘ngroq kino va adabiyot imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish natijasida kinoqissalar yaratila boshlandi.

 Umuman olganda, Erkin A’zam nasrida keyingi asrda jahon adabiyotida kechgan o‘zgarishlar va yangilanishlar o‘z izini qoldirganiga guvoh bo‘lish mumkin. “Javob” qissasidagi Nuriddin Elchiyevning hayotiy pozitsiyalari atrofdagilarga tomosha, ermak bo‘lishi bilan Frans Kafkaning “Jarayon” asaridagi Yozef K.ni esga solsa, “Bayramdan boshqa kunlar”dagi Bakir o‘zining jamiyat uchun begonaligini  anglab borayotgan xarakter sifatida ko‘rinadi. Yozuvchi “Tanho qayiq”da globallashuv davri muammosini absurd ifodalarda tasvirlaydi. Asar qahramoni Orol bobo tushib qolgan hayotiy mantiqsizliklardan ma’ni izlab yashaydi. Aksariyat qahramonlar xarakterlarining barqarorligi, hayotiy e’tiqodlarining sobitligi tufayli dramatik situatsiyalarga tushadilar.

“Parizod” asarida ovloqroq tog‘li qishloqlarimizda uchrashi  mumkin bo‘lgan voqealar  qalamga olinadi. Milliy dunyoqarash va kundalik turmush  haqiqatlari bilan to‘yingan, qay bir jihatlari bilan Gabriel Garsia Markesning “Oshkora qotillik qissasi”ga yaqin turadigan bu asari bilan yozuvchi bugungi davr kishisining loqaydlik botqog‘iga tobora chuqur kirib borayotganligini ko‘rsatib beradi.

Yosh bolaga odatda ko‘p tanbeh berishadi: haddingdan oshma, joyingni bil, mundoq deyish kerak qabilida. Yosh bola – yosh bola-da, hali jamiyatning temir qoliplariga tushmagan: samimiy, beg‘ubor, ko‘ngliga kelganini qiladi, aytaveradi. Kattalar qanday “yurish-turish” kerakligini o‘rgatishsa ham “o‘rganish”ni hech istamaydi. Erkin A’zamning ko‘p qahramonlari ana shu bolalarga o‘xshaydi! Bu, ayniqsa, “Tanho qayiq”da maromiga yetkazib tasvirlangan. Ushbu asarni tahlil qilgan adabiyotshunos B.Nazarov Orol bobo holatidagi, fikrlash tarzidagi tabiiylik, soddalik, milliylik sifatlari bilan Chingiz Aytmatovning “Oq kema”sidagi Mo‘min cholni, Ernest Xemengueyning “Chol va dengiz”idagi Santyagoni eslatadi, deb yozadi. Chindan ham hush va tush, reallik va ro‘yo aro  o‘zi e’tiqod qo‘ygan, o‘zi yaratgan xayolot olamida quvonib, qayg‘urib, goh tushkun, goh umidvor yashayotgan Orol bobo keyingi yillar adabiyotimizda yaratilgan eng ajoyib va mukammal xarakterdir. Yozuvchining aytmoqchi bo‘lgan poetik g‘oyasi kinoqissa shaklida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Asarda mazmun va shakl elementlari shunday uyg‘unlashib ketganki, ayni syujet ifodasini o‘zga janrda tasavvur qilish imkonsiz. Badiiy asarning mazmuni shakli bilan birga tug‘iladi, albatta. Bu ijod psixologiyasi bilan bog‘liq murakkab ruhiy jarayon, shunday ekan, kinoqissabop materialdan boshqacha turdagi asar yaratish o‘zini oqlamagan bo‘lardi.

“Tanho qayiq” Erkin A’zam kinoqissachiligining, shuningdek, adabiyotimizning jahon adabiyoti namunalari bilan bo‘ylasha oladigan jiddiy yutug‘i. Yangi davr yangi g‘oyalarni, yangi g‘oyalar yangi shakllarni talab qiladi. O‘tgan asrning 60-yillarida doston janri shunday yangilanishlar an’anasini boshdan kechirgan edi. Dostonchilikdagi lirik doston, liro-epik doston, dramatik doston kabi ichki ko‘rinishlar o‘sha davrlarda o‘zligini namoyon etgan edi. Bugun qissa janrining shunday o‘zgarishlarga yuz tutishi ham tabiiy va qonuniydir. Bu borada, kinoqissalarning o‘ziga xos janr sifatida tarkib topishi va takomillashishida Erkin A’zamning munosib xizmatlari bor.

“…nomi qayd etilgan o‘sha o‘n filmning birortasidan oxirigacha ko‘nglim to‘lmagan, - deb yozadi Erkin A’zam. – Shunday bo‘lishini oldindan bilganim uchun ham men ularga oz-moz kino tusini berib, dangal kinoqissa atab, ammo-lekin boshidanoq kitobga mo‘ljallab yozaman: kino qilinsa qilinar, bo‘lmasa o‘qilar-ku”.

Har xolda yozuvchining keyingi davrdagi uslubiy-shakliy izlanishlari, kinorejissyorlar bilan hamkorligi adabiyotimizda yangi janrning istiqbolini belgilab berdi.

Kinnoqissa janri bir qadar dramatik asarlarning tarixi va taqdirini yodga soladi. Azaldan dramatik tur janrlari faqat sahnaga qo‘yish uchun mo‘ljallab yozilgan, o‘qiganda unchalik qiziqish uyg‘otmagan. Adabiyotshunoslarning fikricha, Uilyam Shekspirning xizmatlari tufayli dramatik asarlar o‘qiganda ham qiziqish uyg‘otadigan bo‘ldi. Shu kabi qissachilik ham o‘zining yangi imkoniyatlarini namoyon etmoqda, janr tarkibi va tabiatida o‘ziga xos o‘zgarishlar kechmoqda.

Erkin A’zamning “Jannat o‘zi qaydadir”, “Shajara” asarlarini dramatik qissa atash to‘g‘ri bo‘lardi, boisi bu asarlar ko‘proq qissa talablariga bo‘ysundirilgan. Ulardagi dramatiklik, asosan, shakliy xarakterda bo‘lib, o‘zagida nasriy belgilarning salmog‘i baland.

Adabiyot tarixidan ma’lumki, har qanday janr davrning  shaklu shamoyilini, zamondoshlarning o‘y-kechinmalari va intilishlarini yorqinroq ifodalash istagi tufayli paydo bo‘ladi. Ana shu istak va izlanishlarning samarasi o‘laroq Erkin A’zam kinoqissalari o‘quvchining ham, tomoshabinning ham yangilanib borayotgan talablariga javob berayotganligi bu xildagi asarlarning kelajagiga umid bilan qarashga undaydi.

Shavkat HASANOV,

filologiya fanlari doktori.