Erkinjon Turdimov: gid-tarjimonlar Samarqandning yuzidir

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov viloyatga kelayotgan nufuzli delegatsiyalar, yuqori martabali mehmonlarga gid-tarjimonlik qilayotgan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchi va talabalari bilan uchrashdi.
– Odatda, uyimizga mehmon keladigan bo‘lsa, barcha oila a’zolarimiz bilan tayyorgarlik ko‘ramiz. Ota-onaning ham, farzandlarning ham bajaradigan o‘z yumushlari bo‘ladi. Maqsad – mehmonni yaxshi kutib olish va kuzatish, oilaning ahilligini, o‘ziga xos qadriyatlari borligini ko‘rsatish va unda yana shu xonadonga kelish istagini uyg‘otish bo‘ladi.
Viloyatimizga keladigan mahalliy va xorijlik mehmonlarni kutib olar ekanmiz, bizda ham shunday maqsad bo‘ladi. Samarqandga kelgan inson bu zaminning o‘zidan ham, odamlaridan ham rozi bo‘lib ketsin, yana kelishni orzu qilsin deymiz.
Bizning bu istagimiz amalga oshishiga gid-tarjimonlarimiz ham katta yordam bermoqda, yonimizda turib, Samarqandni namoyon etishimizga ko‘maklashmoqda. Ular yurtimizning tarixi, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini yaxshi biladi va bu borada ko‘p rahbarlarimizga yordam beradi. Shuning uchun shaxsan men tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarimiz qatori gid-tarjimonlarni ham Samarqandning yuzi, deb hisoblayman.
Uchrashuvda Samarqandda o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish, gid-tarjimonlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha gaplashib olindi. Bir guruh o‘qituvchi va talabalar viloyat hokimi tomonidan rag‘batlantirildi, - dedi viloyat hokimi.