Erkinjon Turdimovdan yordam so‘rab murojaat qilgan onaning farzandi shifoxonaga yotqizilgan, ahvoli yaxshi

Ijtimoiy tarmoqlarda farzandining isitmasi ko‘tarilib, nafas olishi qiyinlashayotgani va tez yordamga qo‘ng‘iroq qilsada-da, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganidan shikoyat qilgan onaning viloyat hokimi E.Turdimovga video murojaati tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilganimizda, ushbu fuqaro Samarqand shahrida yashashi va ayni paytda bemor A.Musinov viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, davolanayotganini ma’lum qilishdi.

– 10 iyuldan boshlab bemorning tana harorati 38 gacha ko‘tarilgan va uy sharoitida davolangan, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Lekin jarayon poliklinika bo‘lim boshlig‘i tomonidan nazorat qilib borilgan. 13 iyul kuni bemor poliklinikada tuzilgan vrachlar guruhi tomonidan ko‘rilgan va umumiy ahvoli to‘g‘ri baholanib, statsionarga yotqizilgan. Hozirda bemorning umumiy holati yaxshi.

A.Bobojonov bemorning onasi tomonidan o‘ziga yo‘llangan keyingi audioyozuvni ham bizga taqdim etdi.