Erning uvoli ham, qarg‘ishi ham yomon

Samarqand viloyati hokimligiga Samarqand tumanidagi Xo‘jag‘unjoyish mahallasi hududidagi o‘rmon xo‘jaligiga qarashli o‘nlab gektar yer maydonlari qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar tomonidan talon-toroj qilinayotganligi haqida shikoyat xati tushdi.

Unda bayon etilgan holatlar nechog‘li haqiqat ekanligini bilish uchun viloyat hokimi E.Turdimov ushbu mahallaga keldi.

Aniqlanishicha, mahalla hududida «Samarqand» o‘rmon xo‘jaligining birinchi uchastkasi joylashgan bo‘lib, bu yerda o‘nlab gektar yerlar ayrim kimsalar tomonidan yillar davomida noqonuniy ravishda egallab olingan. Yer, mulk solig‘i to‘lovlarini deyarli amalga oshirmagan, elektr energiyasi, ichimlik suvidan noqonuniy foydalanib kelgan.

Bu yerga na viloyatdan, na tumandan birorta mas’ul kishi kelmagan, ahvolni o‘rganmagan.

Masalan, shu mahallada yashovchi Azim Abdullayev o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, molxona qurgan va hech qanday hujjatlarsiz besh yildan buyon o‘z manfaati yo‘lida foydalanib kelgan. Shu bilan birga u viloyat «Suvoqova» davlat korxonasining «Dahbed» suv inshootiga qarashli elektr stansiyasiga noqonuniy ulanib, elektr tokidan xohlaganicha foydalanib kelgan. Bu ham yetmaganiday, toza ichimlik suvi tarmog‘iga ham o‘zboshimchalik bilan ulanib, keyingi uch yilda 41 million 300 ming so‘mlik ichimlik suvdan foydalangan, buning uchun umuman to‘lov qilmagan.

Ayrim tadbirkorlar limonariy, parrandachilik korxonasi tashkil etish, ayrimlari esa o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, ko‘chat yetishtirish va kichik o‘rmon yaratish maqsadida yer maydonlarini allaqanday g‘ayriqonuniy hujjatlar orqali olib, undan boshqa maqsadlarda foydalangan. Ammo hozirga qadar bir so‘m ham soliq to‘lashmagan.

- Har qanday tadbirkor yer maydonini faqat auksion orqali sotib olishi kerak, - dedi viloyat hokimi bu holatlar bilan tanisharkan. – Bu yerda qurilgan barcha noqonuniy qurilishlar, hujjatsiz imoratlar sud tartibida buzilishi lozim. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar qonuniy tartib asosida hujjatlashtirilishi, undan foydalanish samarasi, mahsulot olish, soliq to‘lovlarining vaqtida amalga oshirilishi nazoratga olinishi shart.

Viloyat hokimi bu yerdagi o‘zboshimchalik holatlarga barham berish, «tadbirkor»larga qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha mutasaddi tashkilot hamda Samarqand tuman hokimligi sektor rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi.

Bizni bir savol qiynab turibdi: agar viloyat hokimi shu hududga tashrif buyurmaganida nafsi buzuq noinsoflar bu hosildor maydonlarni qachongacha talon-toroj qilardilar?!

Saytimizni kuzatib boring. Bu masala yechimi haqida batafsil ma’lumot beramiz.