Eronliklar madhiyasini kuylamadi, inglizlar tiz cho‘kdi

Kecha Eron terma jamoasining 11 nafar futbolchisi Angliya bilan o‘yin oldidan o‘z davlati madhiyasini kuylashdan o‘zini tiydi. O‘z navbatida “Uch sher” futbolchilari ham inson huquqlarini himoya qilib tiz cho‘kdi.

Qatarga kelganidan beri eronlik futbolchilar o‘z vatanlaridagi vaziyat, Mahsa Amini o‘limidan so‘ng boshlangan norozilik namoyishlarini hukumat qanday bostirgani haqidagi savollardan qochishmoqda.

Dohadagi “Xalifa” stadioniga yig‘ilgan ko‘plab muxlislar ham Eron madhiyasi yangraganda hushtak chalib norozilik bildirishdi.

“Men bu yerga eronliklarning ovozini eshitish uchun keldim, toki dunyo bizning shiorimizni eshitsin: “Ayollar, hayot, erkinlik!”, deydi uchrashuvga kelgan eronliklardan biri.

Britaniyaliklarning 6:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv oldidan eronliklar sardori Ehson Hajsafiy namoyishlarda halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, futbolchilar birdamligini bildirdi.

Bu vaqtga kelib, olti nafar namoyishchi allaqachon o‘limga hukm qilingan Eronda ko‘pchilik futbolchilarni namoyishchilarni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamagani uchun tanqid qilmoqda. AFP agentligining xabar berishicha, Tehrondagi Milliy kutubxona yaqinidagi ulkan ekran qarshisida bor-yo‘g‘i 200 ga yaqin odam to‘plangan. Muxlislardan biri jurnalistlarga: "Men har doim terma jamoani qo‘llab-quvvatlaganman, faqat bu safar emas. Chunki futbolchilar xalqni qo‘llab-quvvatlamadi. Bu safar mag‘lubiyatdan xafa bo‘lmadim", dedi.

Reuters xabariga ko‘ra, Eron davlat televideniyesi o‘z milliy terma jamoasi o‘yinini translyasiya qilishni to‘xtatgan.