Ertadan test boshlanadi, "o‘yin" boshlanmasin-da

2020/2021 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari va nihoyat boshlanyapti. Har yili avgust oyida kechadigan jarayon bu yil karantin cheklovlari sabab ortga surildi - 2-14 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Hozir test topshiradigan yigit-qizlarda ham, ota-onalarda ham bitta o‘y - ishqilib hammasi adolatli bo‘lsin-da, turli "o‘yin"lar bo‘lmasin-da. Ammo ana shu "o‘yin"larni istovchilar abituriyentlar va ota-onalar, o‘qituvchilar, bu jarayonga aralashadiganlar orasida ham yo‘q emas. Bu ish avvalo yoshlarni qing‘irlikka o‘rgatishi, katta maqsadlarni nopok yo‘llar bilan boshlashiga sabab bo‘lishini unutmaylik.
Keyingi yillarda test sinovlari ancha shaffof tashkil etilib, bilimli yoshlar haqli ravishda talabalik baxtiga erishganini ko‘rdik. Va bu o‘sha ayrimlarni (ular juda ozchilik) hisobga olmaganda, barchaga ma’qul, shunga xayrixohmiz.
Bu yil test sinovlari ochiq maydonlarda o‘tkazilyapti. Abituriyentlar juda ko‘p, pandemiya sabab vaziyat ham hammamizga ayon. Balki avvalgi yillardagidek kuchli nazorat qilishning imkoni bo‘lmas, ammo avvalo har birimiz jarayon adolatli bo‘lishi uchun harakat qilishimiz lozim. Eshitayotgan gap-so‘zlarimizga, turli qing‘irliklarga beparvo bo‘lmaylik.
Ilmli abituriyentning talaba bo‘lishidan nafaqat uning o‘zi va ota-onasi, balki barchamiz, butun jamiyat manfaatdor ekanligini unutmaylik.
Abituriyentlarga omad yor bo‘lsin!