“Yerto‘lami yo hojatxona?” Oqdaryodagi Ijtimoiy uyda 4 oydan buyon kanalizatsiya nosozligi aytilmoqda

Oqdaryo tumani Dahbed mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Ijtimoiy uy yashovchilari tahririyatimizga murojaat qildi. Unda 4 oydan buyon mazkur uydagi yerto‘ladan chiqayotgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmayotgani bayon qilingan.

zarnews.uz’ga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, aholi mazkur holat bo‘yicha so‘nggi oylarning o‘zidan uch marta hokimlikka xat bilan murojaat qilgan. Javob xatlarning barchasida “bu uydagi yerto‘la ta’mirlab berilgan”i aytilgan. Qiziq, mutasaddilar ta’mirlab berganmiz, demoqda. Ijtimoiy uy yashovchilari esa shundoqqina yerto‘ladagi oqova ustida yashamoqda.

Necha oyki holat bo‘yicha tomonlarning vaji ikki xil: mutasaddilar aholini kanalizatsiyadan noto‘g‘ri foydalanayotgani, quvurlarga har xil narsa tashlab nosozlik keltirib chiqarayotganini. Aholi esa “uy yonida joylashgan kanalizatsiya qudug‘i to‘lib ketgach, bosim bilan oqovaning yerto‘laga tushishi aniq-ku”, demoqda. 

Aslida hokimlik tomonidan avgust oyida bir marta uy kanalizatsiyasi tozalab,  berilgan. Ammo bir yo ikki marta tozalash bilan masalani hal etib bo‘lmaydi. Shu vaqtgacha aholining o‘zi ham ko‘p marta pul yig‘ib holatni vaqtincha bartaraf etgan. Butun bir ko‘p qavatli uydagi bir necha oylik ayanchli antisanitar ahvolni keltirib chiqargan masala ham aslida juda oddiy. Shunchaki kanalizatsiya qudug‘ini o‘z vaqtida tozalash kerak. Umuman, bu quduqni tozalab turish tizimining o‘zi yo‘q. Qachonki u to‘lib, qolib, bosim ta’sirida yerto‘laga tusha boshlagach, aholining ketma-ket murojaatlaridan so‘ng bir marta o‘sha quduq tozalanadi. Aynan tizim bo‘lmagani uchun ikki yildan beri aholi tez-tez badbo‘y yerto‘ladan aziyat chekadi, murojaat qilishdan charchamaydi.

Oqdaryo tumani hokimligi va obodonlashtirish bo‘limi mutasaddilari bir kun ichida yerto‘la va kanalizatsiya qudug‘i tozalanishini ma’lum qilishdi. Bu muammoning oldini olish uchun muntazam xizmat ko‘rsatish maqsadida aholi bilan shartnoma tuzilishi ma’lum qilindi.

Tahririyat bu ishlarning tezroq amalga oshirilishini kutib qoladi. Ochiq kanalizatsiya ustida yashash uyoqda tursin bir daqiqa nafas olish ham oson emas har holda.

***

P/S: Mazkur maqola e’lon qilinishi arafasida tahririyatga Oqdaryo tumanidan qo‘shimcha ma’lumot tashlab berildi. Unda Ijtimoiy uy kanalizatsiyasi maxsus mashinalar bilan tozalanayotgani aks etgan. Tuman hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, kechaning o‘zida quduq tozalanib, oqovalar olib ketilgan. Bundan, albatta, yashovchilarning ko‘ngli biroz yorishgan bo‘lsa kerak. O‘ylaymizki, uydagi boshqa muammolar ham tez orada bartaraf etiladi.