E.Turdimov tadbirkorlar muammosini hal etdi

Juma – tadbirkorlar kuni munosabati bilan Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov navbatdagi qabulni o‘tkazdi.

Unda tadbirkorlar faoliyatlaridagi muammoli masalalar bo‘yicha hokimga murojaat qildi.

Jomboy tumanidagi “Diyorbek shifo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abror Ochilov faoliyatini boshlash uchun xarid qilgan ko‘chmas mulk atrofida bo‘layotgan tortishuvlarga barham berishda amaliy yordam so‘radi.

– 2018 yilning 10 mayida ko‘chmas mulk birjasida o‘tkazilgan tender savdosida ishtirok etib, Kattaqishloq mahallasi hududida joylashgan bo‘sh turgan sobiq “Do‘stlik” qishloq vrachlik punkti binosini sotib oldim, – deydi A.Ochilov. – Ammo bugungi kunda ushbu bino masalasida bir qator nizolar bo‘layotganligi sababli faoliyatimni boshlay olmayapman. Qabulda viloyat hokimi ushbu masala yechimi bo‘yicha shu yerning o‘zida mas’ul rahbarlarga topshiriq berdi. Murojaatim ijobiy hal bo‘ladigan bo‘ldi.

Uchrashuvda tadbirkorlar murojaati birma-bir tinglandi va ularning aksariyati shu joyning o‘zida hal etildi. Ayrim bahsli masalalarni hal qilish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Baxtiyor MUSTANOV.