«Yevro – 2021»: Futbol o‘yinlariga kimlar qo‘yiladi?

Ishqibozlar sabrsizlik bilan kutayotgan navbatdagi Yevropa chempionatining futbol o‘yinlariga sanoqli kunlar qoldi. Ammo uchrashuvlar bo‘lib o‘tadigan hamma mamlakatlarda ham ishqibozlar bevosita minbarlarda o‘tirib bellashuvlarni tomosha qilisholmaydi.

Sababi, pandemiya tufayli stadionlarga tomoshabinlar kiritish cheklangan. Masalan, Amsterdam, Buxarest, Glazgo, Kopengagen, Rim va Sevilyada bo‘ladigan matchlarga stadionlar – 25 dan 33 foiz, Londonda – 25 foiz, Myunxenda – 22 foiz to‘ldirilishi belgilangan. Bu borada Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarga chipta olgan ishqibozlarning omadi kelgan. Pandemiya vaziyati hisobga olingan holda Irlandiyaning Dublin shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar – uch uchrashuv Sankt-Peterburgdagi bellashuvlarga qo‘shildi. Bu shaharda 7 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi: 12 iyunda Belgiya – Rossiya, 14 iyunda Polsha – Slovakiya, 16 iyunda Finlyandiya – Rossiya, 18 iyunda Shvetsiya – Slovakiya, 21 iyunda Finlyandiya – Belgiya, 23 iyunda Shvetsiya – Polsha tarma jamoalari navbatdagi bosqichga chiqish uchun o‘zaro kuch sinashishadi.

Shuningdek, chorak final uchrashuvi ham 2 iyulda shu shaharda bo‘lib o‘tadi. Sankt-Peterburgda xuddi Baku singari stadionlarga 50 foiz tomoshabin qo‘yilishi mo‘ljallanmoqda. Rossiyada «Yevro-2021» o‘yinlariga hukumat iloji boricha qo‘lida chiptasi bo‘lgan xorijlik ishqibozlarni ko‘proq kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Stadionlarga pandemiyaga qarshi test sinovlaridan o‘tgan ishqibozlar kiritiladi. Har qanday holatda stadionga kirishni istagan ishqibozlarning hammasi ham bunga erisholmaydi.

UYeFA hozirda chipta sotib olgan muxlislarning sonini aniqlamoqda. Agar ularning soni ruxsat etilgan miqdordan oshib ketgan bo‘lsa, ishqibozlar lotereya yo‘li bilan o‘yinlarga qo‘yiladi. Bu yog‘i omadga bog‘liq.

Faqat Budapeshtda o‘yinlarga 100 foiz tomoshabin qo‘yilishi mo‘ljallanmoqda.

T.Shomurodov tayyorladi.