Faol IIB xodimlariga sertifikatlar topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi qoshidagi malaka oshirish instituti tomonidan Samarqand viloyat IIBning shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyatidan ajralmagan holda kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 5 kunlik sayyor o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.
Shunday sayyor yig‘in Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyida ham yuqori saviyada tashkil etildi. Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limi tinglovchilari bilan birga akademik litseyi pedagog-o‘qituvchilari ham o‘quv yig‘ini mashg‘ulotlarida faol ishtirok etdi. Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari hamda vazirlikning sohaviy xizmatlaridan jalb etilgan tajribali mutaxassislarning modul tizimiga asosan tashkil etilgan mashg‘ulotlarda joylardagi vaziyatlar tahlili, muammolar yechimi va kamchiliklarni bartaraf etishga oid mavzular innovatsion pedagogik texnologiyalar yordamida keng yoritildi.
O‘quv-mashg‘ulotlar davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari misolida ularni amaliyotga joriy etish usullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasidagi vazifalar, voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktika ishini tashkil etishdagi yutuq va muammolar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Sayyor o‘quv yig‘ini yakuni Samarqand akademik litseyida tashkil etildi. Unda faol ishtirok etgan viloyatning barcha tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbariyati, profilaktika inspektorlari hamda litseyimizning maxsus fan o‘qituvchi-pedagoglariga sertifikatlar topshirildi.
Yulduz NARZULLAYeVA,
Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyi o‘qituvchisi.