Farovonlik mahallasidagi piyodalar yo‘laklarida qachon tartib bo‘ladi?
Samarqand shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, shahar sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha mutaxassislari, IIO FM huquqbuzarlik profilaktika bo‘linmasi mutasaddilari, profilaktika inspektorlari va Farovonlik mahallasi faollari bilan birgalikda Bozorova, Ogahiy, Ozod Sharq va Zafar ko‘chalar hamda piyodalar yo‘laklarining holati o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Bozorova ko‘chasining boshlanish qismida joylashgan “VERBATIM” korxonasining binosi madaniy meros ob’yekti sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, o‘zboshimchalik bilan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu masala yuzasidan madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasi mutasaddilari chaqirtirilganda ular kelishmadi. Ushbu ko‘chaning oxirida pivo ishlab chiqarish zavodi joylashgan bo‘lib, ushbu ko‘chadagi xonadonlar tomonidan piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar yopilgan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va bir nechta pivo sotish bilan shug‘ullanuvchi ko‘chma do‘konlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu shoxobcha va do‘konlar egalari tomonidan hech qanday hujjat taqdim qilinmagan bo‘lsa-da, har bir ob’yekt konditsioner ishlatyapti, elektr energiyasiga ulangan.
Jumladan, “Elshod Nurshod Baraka” oilaviy korxonasi, Bozorova ko‘chasi 1-uy egalari hamda Ozod Sharq ko‘chasida fuqaro I.F. tomonidan pivo sotish uchun mo‘ljallangan ko‘chma do‘kon tashkil etilgan va Ozod sharq ko‘chasi 2-uy egalari tomonidan piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar yopilib, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, pivo sotish uchun mo‘ljallangan ko‘chma do‘konlar tashkil etilgan.
Ogahiy ko‘chasidagi 20-uy egalari tomonidan ham piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar yopilgan, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va savdo do‘koni faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu ko‘chaning 8A-, 12-, 14-uy egalari tomonidan piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar temir panjaralar bilan o‘rab olingan. 6-uy egasi tomonidan piyodalar yo‘lagi yopilib, uyida qurilish ishlari olib borilmoqda. Xuddi shunday holat “Turonbank”ning kirish qismida ham aniqlandi.
Zafar ko‘chasining kirish qismida, 21-, 23-uy egalari tomonidan piyodalar yo‘lagi yopilib, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va savdo do‘koni tashkil etilgan va faoliyat yuritib kelmoqda.
Aniqlangan holatlar yuzasidan shahar hokimi o‘rinbosari B.Nasriyev tomonidan mas’ullarga ushbu holatlarni qisqa muddat ichida bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.