Fermer xo‘jaliklari ijaraga olingan yerni kredit olishda garovga qo‘yishi mumkinmi?

❗️Ushbu savolga Biznes-ombudsman yetakchi inspektori O‘ktam Choriyev javob berdi:

👉 Yer kodeksining 46-moddasiga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar fermer va dehqon xo‘jaliklarni, bog‘dorchilik, polizchilik, chorvachilik va uzumchilikni yuritish uchun beriladi. Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi.

👉 Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 30 gektarni, g‘allachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni hamda ko‘pi bilan 5 gektarni tashkil etadi.

👉 Fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga 50 yilgacha bo‘lgan, lekin 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi.

👉 Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalaniladi. Ular xususiylashtirilishi, shuningdek oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash ob’yekti bo‘lishi mumkin emas. Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xo‘jaligi tomonidan garovga qo‘yilishi mumkin.