Fermerlarni jaziramada avtobusga qamagan Kasbi tuman IIB boshlig‘i ishdan bo‘shatildi

Qashqadaryoda fermerlarning ishchilariga kishan taqib, ularni avtobusga qamagan IIB boshlig‘i ishdan olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Joriy yilning 24 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Kasbi tumani IIB boshlig‘ining fermerlarga nisbatan harakati yuzasidan tarqatilgan video va matnli materiallar bo‘yicha viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilayotgani haqida rasmiy ma’lumot bergan edik.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra Kasbi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ch.Kucharov egallab turgan lavozimidan ozod etildi», - deyiladi xabarda.