Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Feyk: "Uzbekistan Airways" havo kemasida bomba joylashgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi

Xorijiy OAVlarda "Minsk – Toshkent" reysini amalga oshirayotgan "Airbus A-320" samolyoti "minalashtirilgan" degan xabar tarqaldi.

“Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati ushbu xabarga izoh berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 11 aprel kuni "Minsk –Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha HY-710 reysi 15:39 (Toshkent vaqti bilan) Minsk milliy aeroportidan jadvalga muvofiq aviaqatnovni amalga oshirishni boshlagan.

A320 havo kemasi Rossiya havo hududida bo‘lgan vaqtda “Uzbekistan Airways” AJ, shuningdek, Rossiya va Belorussiya aviatsiya xizmatlari xodimlarining e-mail manzillariga anonim manzildan havo kemasida bomba joylashgani haqida ma’lumot yuborilgan.

Havo kemasining yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari xavfsizligini ta’minlash maqsadida A320 havo kemasi komandiri samolyotni tekshirish va ko‘zdan kechirish maqsadida eng yaqin Domodedovo xalqaro aeroportiga qo‘nishga qaror qilgan.

Ayni paytda layner, yo‘lovchilar, ularning yuklari, yuk va pochta belgilangan tartibda tekshirildi. Havo kemasining minalashtirilgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmadi.

"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining "Minsk – Toshkent" HY-710 reysi yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan A320 havo kemasi bugun Toshkent vaqti bilan soat 01:26 da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi.