FIDOYI MEHNAT E’TIROFI
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 28 va 29 avgust kunlari qabul qilingan farmonlariga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Ular qatorida Samarqand viloyatidan ham turli sohalar vakillari, faxriylar va yoshlar bor.
30 avgust kuni Samarqand viloyati hokimligida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov tadbir ishtirokchilarini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabrikladi. Jonajon Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilingan mehnat hech qachon e’tibordan chetda qolmasligi, munosib rag‘bat topishini ta’kidladi.
– Bu yilgi bayram shukuhi har qachongidan o‘zgacha, – dedi E.Turdimov. – 26 avgust kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatimizga tashrif buyurib, “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali ochilish marosimida qatnashdilar va xalqimizga, tadbir mehmonlariga ezgu niyatlarni izhor qildilar. Shu bilan birga viloyatimizda festivalga ko‘rilgan tayyorgarlikka yuqori baho berildi. Prezidentimizning Samarqand va samarqandliklarga bo‘lgan ana shunday e’tibor, mehrlari tufayli “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov davlatimizning eng yuksak mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. 28 va 29 avgust kunlari qabul qilingan farmonlar bilan esa viloyatimizdan 27 kishi davlatimizning faxriy unvon, orden va medallariga sazovor bo‘ldi. Viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, shahar va qishloqlarimizning obod bo‘lishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ana shu fidoyi yurtdoshlarimizni butun viloyatimiz ahli nomidan muborakbod etamiz.
Marosimda yuksak davlat mukofotlarini Prezidentimiz nomidan viloyat hokimi E.Turdimov topshirdi.
Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar bu e’tirof, e’tibor va ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
– Mehnat qilib, uning samarasini, e’tirofu rag‘batini ko‘rish eng katta baxt, – deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Payariq tumani kengashi raisining o‘rinbosari, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Saydulla Boyzaqov. – Mening ham kamtarona mehnatlarim yuksak baholanib, davlatimizning shunday katta mukofotiga loyiq ko‘rilganidan boshim ko‘kka yetdi. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Bundan keyin ham o‘z hayotiy tajribalarimizni yoshlarga o‘rgatib, yurtimiz taraqqiyoti uchun bor kuch-g‘ayratim bilan mehnat qilaman.
– Shunday davrda yashayapmizki, yaxshi hayot kechirishga intilgan, mehnat qilgan inson davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi Narpay tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, “Shuhrat” medali sohibi Gulchehra Hayitmurodova. – Prezidentimizning o‘zlari har birimizni tadbirkorlikka undamoqdalar. Bundan ruhlanib biz ham xonadonimizda 3 oila asalari bilan shu sohada ish boshladik, hozir asalari oilalari soni 100 tadan oshdi. Keyin gulchilikni yo‘lga qo‘yib, bu ham serdaromad soha ekanligini ko‘rdik. Umuman, oliy ma’lumotim, diplomim bo‘lmasa ham tomorqada omilkorlik bilan ishlab, million-million so‘m daromad qilyapmiz. Ro‘zg‘orimiz but, orzu-havaslarimizga yetayapmiz. Aslida o‘zimiz uchun qilayotgan ana shu mehnatimiz tufayli Prezidentimiz davlat mukofoti berishi hech kutilmagan holat bo‘ldi. Butun oilamiz davlatimizdan, Prezidentimizdan minnatdormiz.