Hasan boboning ibrati
Ibrat – o‘zining oqilona so‘zi, to‘g‘ri yo‘l tanlashi bilan boshqalarga namuna bo‘lish. Ya’ni, kimningdir sizga o‘xshashlikka harakat qilishi. Shu jihatdan oladigan bo‘lsak, hayotda Hasan Normurodovdek yashayman, deganlar kam emas edi. Xo‘sh, Hasan Norbekovichning ibrati nimada edi?
Birinchidan, garchi miskin bo‘lsa-da, oilasida ma’rifatning hukm surganligi, Kattaqo‘rg‘on tuman Kichikko‘rpa qishlog‘idagi bu xonadonda ziyolilarning qadami uzilmasligi.
Ikkinchidan, ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar oilaning har bir a’zosining, xususan, Hasan Normurodovning ilmga intilishi, avval, pedagogika texnikumi va keyinchalik, ishlash jarayonida Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiya fakultetida sirtdan o‘qishi.
Uchinchidan, salohiyatli xotira, ya’ni ko‘p kitob o‘qishi va asarlar mazmunini yoddan bilishi.
H.Normurodov 80 yoshida ham o‘rta maktab darsligidagi badiiy asarlarni yod bilardi.
To‘rtinchidan, birov haqida yomon gapirmasdi. Birorta odam bu insonning boshqa birov haqida yomon fikr aytganini eslolmaydi. Yo‘q-yo‘q, u odam birovdan qo‘rqmasdi, agar zarur e’tirozi bo‘lsa, tegishli odamning qulog‘iga aytardi.
Beshinchidan, viloyatda Hasan aka kabi gazeta va kitobni muntazam va ko‘p o‘qiydigan ziyoli topilmasdi. Ehtimol, zukkoligi ham shundan edi. Muhimi, har bir yaxshi maqola uchun muharrir yoki muallimga rahmat aytishga hafsala topardi.
Oltinchidan, davr talabini, zamona siyosatini, davlat g‘oyasini juda puxta anglardi va butun vujudini ana shu yo‘nalishga chog‘lardi.
Yettinchidan, birovga ozor berishni, yomon gapirishni or deb bilardi.
Sakkizinchidan, yoshlarni yaxshi ko‘rardi. Ulardan tajribasini ayamasdi. O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov Samarqandning ana shunday ulug‘ ziyolilaridan biri edi.
Hayot bo‘lganida bugun 83 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Ustozning ruhlari shod bo‘lsin!