Tinchlik uchun kurashganlar hamisha ardog‘imizda
Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi nishonlanmoqda.
Ushbu sana koronavirus pandemiyasi tufayli shahar va qishloqlarimizda keng xalq ommasi ishtirokida nishonlanmayotgan bo‘lsa-da, har bir xonadon, har bir oilada ajdodlarimizni yod etish, bu olamdan o‘tgan yaqinlarimizni xotirlash, hayot bo‘lgan nuroniylarimiz, urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini e’zozlash bilan o‘tkazilmoqda. Chunki, yurtimizda Ikkinchi jahon urushidan aziyat chekmagan oila yo‘q. Haligacha bu urushning jarohati qalblarni o‘rtaydi.
Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941-1945 yillardagi urushda faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Jumladan, samarqandliklar ham Ikkinchi jahon urushi va front ortida fidoyilik ko‘rsatdi. Urush yillarida viloyatimizdan 152 ming kishi frontga safarbar qilindi. Afsuski, ularning 70 ming nafardan ortig‘iga yurtimizga qaytib kelish nasib etmadi.
Urush iskanjasida qolgan shahar va qishloqlardan evakuatsiya qilingan 165 ming kishiga viloyat aholisi o‘z uyidan joy berdi. Bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi, yetim bolalarning boshini siladi. Masalan, kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samadov 13, samarqandlik Fotima Qosimova 10 nafar yetim bolani asrab olib, ularni o‘z farzandlari kabi oq yuvib, oq taraganini hech kim unutmagan.
Samarqandga ko‘chirilgan o‘nlab zavod va fabrikalarda ayollar va bolalar, keksalar va nogironlar mehnat qilib, front uchun qurol-yarog‘, kiyim-kechak hamda boshqa mahsulotlar yetkazib berdi. G‘alla yetishtirib, o‘zi non yemasa ham frontga jo‘natdi, bog‘lardagi sarxil mevalar birinchi navbatda janggohlarga yuborildi. Bir so‘z bilan aytganda, front ortida qolgan xalqimiz ham jangda qon kechgandek jasorat va matonat ko‘rsatdi.
Shuning uchun bugun har bir oila, har bir yurtdoshimiz bu sanani bayram qilishga haqli, bu yorug‘ kunlar uchun jonini fido qilgan insonlarni yod etish, hayot bo‘lgan faxriylarimizni e’zozlashga burchli.
El-yurtimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirilib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarimizga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatish yurtimizda olijanob an’anaga aylanib qoldi.
Ayni paytda hayot bo‘lgan 44 nafar samarqandlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi nafaqat oila a’zolari, balki butun xalqimizning hurmat va e’tiborida. Davlatimiz tomonidan ularga har oy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va boshqa vositalar yetkazib berilmoqda. Salomatliklarini tiklashi, dam olishi uchun yurtimiz va xorijdagi sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar ajratilayotir.
Prezidentimiz ham urush qatnashchilariga yuksak ehtirom ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan yil va joriy yil boshidan buyon Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash, urushda vafot etgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish va ayni chog‘da hayot bo‘lgan faxriylarimizga munosib izzat-ikrom ko‘rsatish, ularni ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Shu asosida poytaxtimizda G‘alaba bog‘i barpo qilindi. Bu yerda xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, matonat va jasoratidan hikoya qiluvchi muzey tashkil etildi. Xuddi shunday Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida Ikkinchi jahon urushi davriga oid harbiy texnika, tarixiy eksponatlar, installyasiyalarni o‘z ichiga olgan zamonaviy “Vatanparvarlar” bog‘lari tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, bu yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 10 million so‘mlik pul mukofoti hamda “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75 yilligi” esdalik yubiley medali bilan taqdirlanmoqda. Shuningdek, ularga davlatimiz rahbarining maxsus sovg‘alari, mahalliy hokimliklarning tuhfalari tantanali topshirilmoqda.
Bugun har birimiz farishtasifat bu aziz insonlarni bayram bilan tabriklashni, ularning suhbatidan bahramand bo‘lishni istaymiz. Lekin ayni paytdagi karantin cheklovlari bu istagimizga izn bermaydi. Shunday bo‘lsa-da, uyda turib ham bu ulug‘ insonlarga rahmat aytishimiz, ularning umrlari uzoq bo‘lishini tilab duolar qilishimiz lozim. Tinchlikning, xotirjamlikning qadrini ulardan o‘rganishimiz kerak.
Nasib etsa, sinovli kunlar o‘tib, ofatlar chekingach, bayramni yana ham kengroq davralarda davom ettiramiz. Qadrli faxriylarimizga barchamiz o‘z qalb izhorlarimizni bildiramiz.
Hasan Normurodov,
Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.