Fohishalikka olib ketilayotgan ikki ayol aeroportda to‘xtatib qolindi

Bankok shahriga fohishalik qilish maqsadida yo‘l olgan ayol aeroportda to‘xtatib qolindi, deb ma’lumot berdi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 21 iyul kuni O‘zbekiston IIV xodimlari tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 29 yoshli X.N. ismli ayol Tailandning Bangkok shahrida fohishalik bilan shug‘ullanish uchun ketayotganda to‘xtatib qolingan.

Tezkor surishtiruv natijasida Buxoro shahrida yashovchi 51 yoshli X.G. ismli ayol Toshkentda bo‘lgan 29 yoshli X.N.ga Bangkok shahrida fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib berishni va’da qilgan.

Shuningdek, X.G. Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan 41 yoshli X.Sh.ni ham ayni shu maqsadda olib ketishga kelishgani ma’lum bo‘lgan.

 51 yoshli “Tadbirkor” X.G. "o‘lja"larining yo‘l xarajatlarini ham zimmasiga olgan. Buning evaziga ular “rahnamo”ga 4 ming AQSh dollari “ishlab” berishga kelishganiligi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, X.G. ismli ayol qo‘lga olingan. Ayni paytda unga nisbatan tegishli tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.