Foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulki ob’yektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish to‘g‘risida
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi PF-5780-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Kengash QAROR QILADI:
1. Samarqand viloyati hududida joylashgan foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlaridan samarali foydalanish holati yuzasidan o‘tkazilgan tahlil natijalari bo‘yicha kiritilgan (2020 yil 1 iyundagi 109/01-30-sonli) axborot ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Balansda saqlovchi korxona va tashkilotlar tomonidan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli mahalliy hokimliklar balansiga olinib, kelgusida maqsadli foydalanish choralari ko‘riladigan bo‘sh turgan davlat ob’yektlari ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shahar va tumanlar hokimliklari:
uch kun muddatda viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi hamda balansda saqlovchi korxona va tashkilotlar bilan birgalikda mazkur qaror ilovasida keltirilgan bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarini o‘rnatilgan tartibda hokimliklar balansiga olinishi bo‘yicha topshirish-qabul qilish dalolatnomalari tuzilishini, shuningdek, hokimliklar nomiga kadastr xujjatlarining rasmiylashtirilishini;
besh kun muddatda hokimlik balansiga olingan ob’yektlardan samarali foydalanish (jumladan, xususiylashtirish, belgilangan tartibda buzib, yer maydonini elektron auksion savdolarga chiqarish, balansdan balansga o‘tkazish va h.k.lar) bo‘yicha takliflarni viloyat hokimligiga taqdim etilishi ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya (F.Nasrullayev) hamda viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xo‘jayev zimmalariga yuklatilsin.
Kengash raisi E.TURDIMOV
2020 yil 4 iyun
№ 48/9