Foydasi yo‘q «zebra», bordyurga chiqib ketgan mashina

Shahrimizning Spitamen shoh ko‘chasidagi, Samarqand davlat universitetining 1-yotoqxonasi oldidagi ko‘chada zebra chiziqlari bor. Ammo ushbu yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar aksariyat hollarda zebra chizig‘iga ham, o‘sha yerdan o‘tayotgan piyodalarga ham e’tibor qaratmaydi. Ushbu yotoqxonada yashaganim tufayli bu holatni doim kuzataman. Ba’zida  yo‘lovchilar o‘n daqiqalab ham avtomobillar o‘tishini kutib turadi. Vaholanki, yo‘lning aynan shu qismiga zebra chiziqlari bejizga chizilmagan, bu joy piyodalar ko‘p o‘tadigan hudud.

Haydovchilar yo‘l bermagani mayli, tezlikni shunaqa oshiradiki, go‘yo atayin qilayotganday tasavvur uyg‘otadi. Shu hududda piyodalar xavfli vaziyatlarga tushib qolganini o‘zim ham bir necha bor kuzatganman. Hatto, yaqinda bir avtomobil egasi tezlikni shunchalik oshirdiki, mashina yo‘l o‘rtasidagi bordyurga chiqib ketdi.

Taklifim, shu joyga svetofor yoki videokamera kuzatuvi o‘rnatilsa ko‘p noxush holatlarning oldi olinardi.

Dilmurod ATAVULLAYeV,

«Zarafshon» tahririyati qoshidagi

«Mahorat maktabi» tinglovchisi.