Fransiyada ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi
Fransiyaning Nant shahrida “Keng qamrovli xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha Fransiya parlamentining quyi palatasi tomonidan 24 noyabr kuni qabul qilingan edi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
Bahsli qonun loyihasining 24-moddasida politsiya xodimlarining “jismoniy va ruhiy yaxlitligiga” zarar yetkazish maqsadida politsiyachilar suratlarining chop etilishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Mazkur qonunga Fransiya OAV politsiya harakatlarini yoritish cheklanishidan xavotirlanib, qarshi chiqdi.
Qonun tarafdorlari, xususan, ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen ta’qib, tahdid va zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan huquqni muhofaza qilish xodimlari shaxsini himoya qilish zarurligini ta’kidlamoqda. Mamlakat bosh vaziri Jan Kosteks moddaning mazmuni qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Qonun loyihasi atrofidagi mojaro Parijda qora tanli musiqa prodyuseri Mishel Zeklerning politsiya tomonidan kaltaklangani tasvirga olingan videolavha tarqalganidan so‘ng yangitdan avj oldi.
Dastlab Zeklerning o‘zi ayblanuvchi sifatida qayd etildi. Biroq videolavha tarqalganidan so‘ng xizmat vakolatini suiiste’mol qilish va dalillarni qalbakilashtirish aybi bilan to‘rt nafar politsiyachi hibsga olindi.