Fransiyadagi namoyishlarda 200 mingdan ortiq odam ishtirok etdi

31 iyul, shanba kuni 200 mingdan ortiq odam butun Fransiya bo‘ylab sanitariya pasportiga qarshi aksiyalarda qatnashdi, deya xabar beradi BFM TV mamlakat ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga tayanib.

Qayd etilishicha, butun Fransiya bo‘ylab namoyishlarda 204 090 kishi, jumladan, Parijdagi namoyishda taxminan 14 250 kishi qatnashgan.

Namoyishlardan biri Parijning 17-okrugidagi Vile metro bekatida soat 14:00 da boshlanib, de Bastilya maydonida tugadi. U yerda agressiv namoyishchilar, jumladan, radikal  Black blocs bezorilari politsiyaga shisha, pitard ota boshladi. Bunga javoban politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va vodomyotdan foydalandi.

12 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida bir qator yangi cheklov choralari joriy etilishini e’lon qildi. Xususan, u COVID-19 uchun vaksinalanganlik va salbiy testni ko‘rsatadigan sanitariya pasportlarini, xususan, bar, restoran, uzoq masofali poyezd va samolyotlarda qo‘llash amaliyotini kengaytirganini bildirdi. Shuningdek, Fransiya rahbari kasalxona, qariyalar uylarida ishlaydiganlarga majburiy emlash joriy etilganini aytgandi. Fransiya prezidentining bayonotidan so‘ng tegishli qonun loyihasi tayyorlandi va Fransiya parlamenti o‘tgan yakshanba kuni uni qabul qildi.

Fransiya hukumati matbuot kotibi Gabriel Attal 28 iyul kuni sanitariya pasporti 9 avgustdan kuchga kirishini aytdi.