Frontdan maktub: “Hamma rasmlarimni oyna orqasidagi ramkaga yopishtirib qo‘ying. Meni otib o‘ldirsalar sizlarga esdalik bo‘ladi”

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi shaxsiy hujjatlar jamlanmasi 9511 ming saqlov birligidan iborat bo‘lib, unda Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq ashyolar saqlanadi. Hujjatlar orasida o‘sha davr hayoti haqida hikoya qiluvchi front askarlarining maktublari ham bor.
Xatlar frontda jang qilayotganlar va ularni o‘z vataniga, uyiga qaytishini kutayotganlarni bog‘lab turuvchi yagona aloqa vositasi edi. Ba’zi hollarda maktublar bor-yo‘g‘i ikki qatordan iborat bo‘lib, ana shu ikki qator xatni kutayotganlar uchun g‘oyatda qadrli bo‘lgan. Shunday maktublar hozir ham ko‘pgina oilalarda asrab kelinadi. Maktublar ko‘pgina kitoblar va arxiv hujjatlari qatori Ikkinchi jahon urushi haqida hikoya qiladi.
Urush yillarida barcha narsalar qatori qog‘oz ham tanqis edi. Shuning uchun askarlar “ikkisi birda” imkoniyatini sinab ko‘rishga majbur bo‘lishgan. Ya’ni, maktub bitilgan varaq bir vaqtning o‘zida konvert vazifasini ham o‘tagan. Dastlab maktub bitishgan, so‘ngra uni uchburchak shaklga keltirib, manzilni yozishgan. Hamma yozishmalar NKVDning senzurachilari tomonidan tekshirilgan. Bunday “uchburchak”ni barcha oilalar sabrsizlik bilan kutishgan - demak qadrli insoni tirik!
Agar pochtachi qaysi uyga mashinkada terilgan oq konvertga solingan maktub olib kelsa o‘sha uyga maktub bilan birga qayg‘u kirib kelardi. Chunki ushbu maktub rasmiy blanka bo‘lib, unda “qahramonlarcha halok bo‘ldi”, “izsiz yo‘qoldi”, “jasoratli o‘lim topdi” jumlalari bitilgan bo‘lardi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rasul Usmonovning shaxsiy hujjatlari muzeyga 1979 yilda Toshpo‘lat Usmonov tomonidan topshirilgan. Ushbu hujjatlarga ko‘ra, Samarqand shahrida tug‘ilgan Rasul Ikkinchi jahon urushi yillarida Ukrainaning Lvov viloyati Glin tumanida talonchilikka (banditizm) qarshi kurashda hududiy vakolatli vakil bo‘lgan. U 1945 yil 6 avgustda Glinyan qishlog‘ida talonchilarni ushlash vaqtida halok bo‘lgan. Qishloq markazidagi birodarlik qabristoniga dafn etilgan. U o‘zining 1944-1945 yillarda bitilgan maktublarini asosan ota-onasi va qarindoshlariga yo‘llagan.
Ushbu maqolada o‘z vataniga, oilasiga qaytish nasib etmagan, uylanib, bola-chaqali bo‘lish o‘zi uchun ham, yaqinlari uchun ham armon bo‘lib qolgan Rasul Usmonovning xatini e’lon qilishga jazm etdik. Maktub stilistikasi va tili saqlangan holda e’lon qilinmoqda.
“UzSSR
g. Samarkand
rayon Siabskiy
ul. Mubarak dom №35
Azimovu Usmanu
Ot Usmanova Rasulya.
Sog‘inchlik salom
Uzoq yurtlarda, musofir o‘g‘lingizdan qimmatli salom. Meni ahvolim hozircha yaxshi. Dimog‘im chog‘dir. Faqat sizlar haqingizda hech narsa bilmayman. Mendan quyidagi yoru do‘stlarga qimmatli salom:
1) Qimmatli otamga, biyimga
2) Bolta, Rahmatjonga salom
3) Bovomga, yangamga, Robiya dodarga, Muhabbatga, Abdurahimga salom
4) Ammamga, hamma o‘g‘il va qizlariga, Sulton, Nematga salom
5) Sharafitdinovga, Shamsi amakimga, Xaticha apamga, Ismat akamga xotin va qiziga salom
6) Poyiz anamga, kelinlariga, o‘g‘illariga, Rohat xolamga, Hikoyat xolamga, Amriga, Sarvarga, Anvarga, Tojiga salom.
7) Burxon akamga, Abdurahimga, Asrorga, Nasimga, Nizomga, Tursunga, Isrofilga va boshqa yoru do‘stlarga men partizan Usmonov (Vasiliy) Rasuldan ko‘p salom.
Biyi siz qanday yuribsiz? Amakim sizga yordam beradimi? Siz bovomdan yordam so‘rang. Dadam qayerda? Agar frontda bo‘lsalar mendan salom yuboring. Amri haqida xabar bormi? Agar xabar bo‘lsa mendan alangalik salom yuboring.
Biyi men haqimda hech o‘ylamang. Agar tirik bo‘lsam, umrim uzoq bo‘lsa qachon bo‘lmasin borarman. Agar o‘lsam qiyin. Bu urush.
Men hozir partizan. Dokumentlarimni kutib turibman. Dokumentlarimni olsam keyin askarlikka ketaman va sizga o‘z adresimni ham yuboraman. Hozircha sizga o‘z adresimni yubormayman.
Biyi siz mening ukalarimni hech urushmang, urmang. Ularni yaxshi kiydiring, yaxshi ovqat bering, maktabga yuboring, o‘qishga majbur qiling.
Roxat xolam qayerda? Obid qayerda?
Biyi ehtimol sizga qiyindur, siz boqqa qochib boring. U yerda mevalar bor. Och bo‘lmaysiz. Fabrikada ishlang. Qanday bo‘lmasin har qanday qiyinchiliklarga chidang. Qanday bo‘lmasin ukalarimni boqing.
Obid qayerda? Uning otasi frontda. Kim uni boqadi? O‘gay onasi uni boqmaydi yoki bizanikida yuribtimi?
Mening uydagi hamma rasmlarimni oyna orqasidagi ramkaga yopishtirib qo‘ying. Meni otib o‘ldirsalar sizlarga esdalik bo‘ladi. Agar men sizga o‘z adresimni yuborsam siz shu zamon o‘z rasmlaringizni yuboring. Meni so‘zim tamom. Xayr omon bo‘ling. Meni haqimda ko‘p o‘ylamang. Xudo biladi men sizlarni ko‘ramanmi yo‘qmi.
26 may 1944 yil.
O‘g‘lingiz Usmonov Rasul".