Fuqarolar yig‘ini raisining vakolatlari nimalardan iborat?
Javob: Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli):
✔ fuqarolar yig‘inini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishini) chaqiradi;
✔ fuqarolar yig‘iniga — mas’ul kotibining, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar hamda taftish komissiyasi raislari va a’zolarining nomzodlarini, fuqarolar yig‘ini kengashiga — harbiy hisobni yuritish bo‘yicha xodimning nomzodini tasdiqlash uchun taqdim etadi;
✔ fuqarolar yig‘ini va uning organlari tomonidan o‘z vakolatlarini amalga oshirishiga, shuningdek qarorlarni ijro etishga doir ishlarni tashkil etadi;
✔ davlat organlarida, shu jumladan sudda, yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fuqarolar yig‘inining manfaatlarini ifodalaydi, fuqarolar yig‘ini nomidan shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi;
✔ fuqarolar yig‘ini mablag‘larini qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi;
✔ tegishli hududda maslahat markazlari ishini tashkil etadi;
✔ egasiz mol-mulkni, meros tariqasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga o‘tgan mol-mulkni, shuningdek davolash muassasalarida turganligi munosabati bilan vaqtincha bo‘lmagan yolg‘iz shaxslarning mol-mulkini, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida yoki vasiylik va homiylikda turgan, oilaga tarbiyaga topshirilgan yetim bolalarning, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning mol-mulkini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi;
✔ spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishi natijasida fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risida yoki fuqaroni ruhiy holati buzilganligi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) tufayli muomalaga layoqatsiz deb topish haqida sudga ariza beradi;
✔ kam ta’minlangan oilalarning, yetim bolalarning, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning, shuningdek tabiiy ofatlardan va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarning moddiy va uy-joy, maishiy sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;
✔ mahalliy davlat hokimiyati organlariga yangi dafn etish joylarini barpo etish va mavjud bo‘lganlarini rekonstruksiya qilish haqida takliflar kiritadi;
✔ voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik ishlarini tashkil etadi, yetim bolalar, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organlariga taqdim etadi, shuningdek bunday bolalarni tegishli davlat muassasalariga joylashtirishga ko‘maklashadi;
✔ ichki ishlar organlarining profilaktika bo‘yicha tegishli inspektori bilan birgalikda «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
✔ tegishli hududda bayram kunlari va muhim sanalar bilan bog‘liq ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qiladi;
✔ ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlar faoliyat ko‘rsatishining, diniy qarashlarni majburan singdirish hollarining oldini olishga doir ishlarni tashkil etadi, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etadi;
✔ fuqarolar yig‘inining mas’ul kotibi, harbiy hisobni yuritish bo‘yicha xodimning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
✔ fuqarolarni qabul qilishni amalga oshiradi, ularning arizalari, takliflari va shikoyatlarini ko‘rib chiqadi;
✔ fuqarolarga ularning oilaviy va mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomalar hamda hujjatlar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar berilishini ta’minlaydi;
✔ fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga va boshqa korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarga taqdimnomalar kiritadi;
✔ tegishli davlat organlaridan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, moddiy madaniy meros ob’yektlari haqida ma’lumotlar so‘raydi va oladi.
Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) belgilangan namunadagi guvohnomaga ega bo‘ladi. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) guvohnomasi namunasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Manba: “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni.