Fuqarolarning bank hisobvaraqlari va plastik kartalariga taqiq qo‘yilishi to‘xtatilmoqda
Fuqarolardan ularning bank depozit hisobvaraqlaridagi (shu jumladan bank kartalaridagi) mablag‘lar Majburiy ijro byurosining talabnomalariga asosan xatlanganligi yuzasidan shikoyat va e’tirozlar kelib tushishi holatlari oshganligi sababli hozirgi paytda fuqarolarning hisobvaraqlariga taqiq qo‘yish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy xabarnoma berdi.
Bank xizmatlari iste’molchilarining omonatlari va jamg‘armalariga nisbatan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy va noto‘g‘ri harakatlardan himoya qilinishini ta’minlash maqsadida fuqarolarning bank hisobvaraqlariga va bank kartalariga taqiq qo‘yilishi to‘xtatilmoqda.
Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosining barcha hududiy boshqarmalari hamda tijorat banklari mazkur qaror haqida, shuningdek, Byuro tomonidan jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlariga nisbatan qo‘yilgan barcha talabnomalarni ijrosiz qaytarish yuzasidan xabardor etildi.