Fuqaroning talabini qoniqtiradigan boshqa uy-joy taklif qilish choralari ko‘rilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro M.Rasulovaning xonadonidan majburiy tartibda chiqarilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Mazkur xabar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, Samarqand shahar hokimining 2018 yil 6 iyuldagi 1217-Q-sonli qaroriga asosan Samarqand shahri Navoiy shohko‘chasida joylashgan, zamonaviy shaharsozlik talablariga mos bo‘lmagan 2 qavatli 43, 45, 47 va 49-uylar hamda hududdagi garajlarni “Silk voyage” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan belgilangan tartibda ko‘chirib, zamonaviy arxitektura loyiha hujjatlari asosida 4 qavatli turar joy binolari qurish belgilangan.
Samarqand shahar hokimining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan Navoiy shohko‘chasi, 49-uy, 6-xonadon egasi Mamlakat Rasulovaga tegishli bo‘lgan, buzilishi rejalashtirilgan xonadon evaziga tovon tariqasida Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi, 132-uy, 4-xonadonni mulk huquqi asosida rasmiylashtirib berish taklif qilingan.
Biroq Mamlakat Rasulova ushbu taklifni rad etganligi sababli Samarqand shahar hokimligi va qo‘shimcha da’vogar - “Silk voyage” mas’uliyati cheklangan jamiyati da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 7 iyundagi qaroriga asosan qarzdor Mamlakat Rasulovani Samarqand shahar Navoiy shohko‘chasi, 49-uy, 6-xonadondan majburiy tartibda Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi, 132-uy, 4-xonadonga ko‘chirish hamda Samarqand shahar, Gagarin ko‘chasi, 132-uy, 4-xonadonni javobgar M.Rasulovaga mulk huquqi asosida rasmiylashtirib, xonadon unga topshirilgandan so‘ng Samarqand shahar, Navoiy shohko‘chasi, 49-uy, 6-xonadonni qo‘shimcha da’vogar - “Silk voyage” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan buzish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga 2019 yil 23 sentyabrda kelib tushgan.
Ijro hujjati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilib, qaror nusxasi qarzdor M.Rasulovaga ijro qilishlik uchun topshirilgan va bu to‘g‘risida shaxsan qarzdorga imzo qo‘ydirilib, qarzdor M.Rasulovaga xonadondan ko‘chishi to‘g‘risida ixtiyoriy 15 kunlik muddat berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 10 oktyabrdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 7 iyundagi qarorining ijrosi ish nazorat tartibida ko‘rilgunga qadar to‘xtatilgan.
Ushbu fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarori ijrosini to‘xtatish haqidagi Oliy sud ajrimi Oliy sud rahbariyatining 2019 yil 25 noyabrdagi №6-1889-19-sonli xati bilan bekor qilingan va ijro harakatlari davom ettirilgan.
Joriy yilning 11 dekabr kuni sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ijro harakatlari tayinlangan. Lekin M.Rasulova davlat ijrochisining qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor M.Rasulova sud qarorini ixtiyoriy bajarish uchun takroran muddat so‘raganligi sababli ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan.
Hozirgi kunda M.Rasulovaning vajlarini inobatga olgan holda Samarqand shahar hokimligi tomonidan unga talablarini qoniqtiradigan boshqa uy-joy taklif qilish choralari ko‘rilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.