“FVB boshlig‘i deputatlarga hisobot bermadi”. Payariqlik deputatlar mahalliy byudjet loyihasiga taklif tayyorlayapti
Deputat sifatida saylangan okrugimdagi fuqarolar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazib turaman. Faoliyatim doirasida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning 20 ga yaqiniga huquqiy maslahat va tushunchalar berilgan. Shuningdek, 30 ga yaqin murojaat yuzasidan deputatlik so‘rovlari chiqarganman hamda 10 ga yaqin murojaat bilan bevosita ish olib borganman.
Men faoliyat olib borayotgan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyada tuman FVB boshlig‘ining hisoboti eshitilmay qolgan. Rejaga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha FVB boshlig‘i hisobot berishi kerak edi. Biroq, mutasaddi tomonidan bu masalaga loqaydlik qilinganligi sababli bu keyingi yilga qoldi.
Umuman, partiya deputatlik guruhimiz tomonidan atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i G‘.Boyzoqovning hisoboti eshitilgan. Masala yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, Kengash sessiyasiga olib chiqilgan hamda qaror bilan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan.
Qariyb 2 yildirki, deputatlar mahalliy byudjetni tasdiqlayapti. Tabiiy savol tug‘iladi: bizning doimiy komissiyasi viloyatning 2022 yilgi byudjeti uchun qanday taklif kiritmoqchi, partiya deputatlik guruhi-chi?
Payariq tumani hududida mahalliy byudjet mablag‘lari asosida joriy yilda “street workout” maydonchalari tashkil etildi. Bu aholining sog‘lom turmush tarziga amal qilishlarida muhim omil bo‘lmoqda. Viloyatning kelgusi yil byudjeti uchun bunday qulaylikni barcha tumanlar va qo‘shimcha ravishda olis hududlarda tashkil etish taklifini kiritmoqchimiz.
Davlat rahbari deputatlarni jamiyat hayotida faol bo‘lishga chaqirmoqda. Ko‘pincha buning uchun ularga yana qanday huquq va vakolatlar berilishi kerak, deb mendan so‘rab qolishadi.
Albatta, bugungi kunda deputatlarga faoliyatini olib borish uchun yetarli huquq va vakolatlar berilgan. Ammo ularning jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishi uchun doimiy ish joyi va o‘rnatilgan tartibda haq to‘lash maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Jamshid Axunov,
xalq deputatlari Payariq tumani Kengashi kotibiyati mudiri.