G‘alati qiliqlarga ega mashhurlar
Har bir insonning o‘ziga xos g‘alati tomonlari bor, biroq daholarda bu xususiyat biroz ko‘proq bo‘lganligi hayotda o‘z tasdig‘ini topgan va bu g‘ayrioddiyliklar hatto ko‘pni ko‘rgan odamni ham hayratga qoldirishi mumkin.
E’tiboringizga mashhur kishilarning atrofdagilarini sarosimaga tushirib qo‘yadigan g‘alatiliklarini havola etamiz.
Leonardo da Vinchi
Rassom, muhandis, yozuvchi, haykaltarosh, ixtirochi, me’mor va kashfiyotchi Leonardo da Vinchi odam anatomiyasini o‘rgangan, shuningdek, u hayvonlarni parvarish qiladigan ashaddiy vegetarian edi.
Bu ishlarning har biriga u qayerdan vaqt topgan ekan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Mashhur rassom kunning har to‘rt soatida 15-20 daqiqadan (jami 2 soat) uxlab olgan ekan. Kunning qolgan 22 soatini esa Leonardo sevimli mashg‘ulotlariga bag‘ishlagan.
Bugungi kunda bunday uyqu “ko‘pfazali uyqu” deyiladi.
Salvador Dali
“Syurrealizm” tushunchasini ko‘pincha Salvador Dali va uning mo‘ylovi bilan bog‘lashadi. Rassomning hayoti ham uning chizgan rasmlari kabi g‘ayrioddiy va g‘alati bo‘lgan. U Fransiyaning Sorbonna shahriga gulkaram ortilgan Rolls Roysda yetib keldi, chumolixo‘r (hayvon) bilan Parij bo‘ylab sayr qilardi, biroq uning hayotida bundan ham ko‘p g‘alati voqealar sodir bo‘lgan.
Dali o‘zining ilhom parisi Galaga uylandi, unga sotib olgan qasrini o‘zi naqshlar bilan bezadi, lekin u yerga faqat xotinidan taklifnoma olgan taqdirdagina borishi mumkin edi.
Lev Tolstoy
Kelib chiqishi jamiyatning yuqori qatlamlaridan bo‘lgan mashhur rus yozuvchisi umrining oxirida axloqiy haqiqatga faqat oddiy xalqning hayoti yaqin, degan xulosaga kelgan. Yozuvchi hashamatdan, boylik atributlaridan voz kechdi, vegeterianlikka o‘tdi, o‘z qo‘llari bilan yasagan poyabzal va dehqon kiyimlarini kiya boshladi. Tolstoy hatto Nobel mukofotidan ham voz kechgan.
Mikelanjelo
Italiyalik mashhur haykaltarosh, rassom va me’mor, Italiya Uyg‘onish davrining eng buyuk rassomlaridan biri Mikelanjelo kun bo‘yi deyarli tinmasdan ishlashi, oylar davomida yuvinmasligi, kiyim va poyabzalda uxlashi mumkin edi. Shunga qaramasdan rassom 89 yil umr ko‘rdi.
Virjiniya Vulf va Fridrix Nitsshe
Bu ikki arbob - ingliz yozuvchisi va adabiyotshunosi Vulf va nemis mutafakkiri, bastakor va o‘ziga xos falsafiy ta’lim yaratuvchisi Nitsshe orasida go‘yo yozuvchilik iste’dodi umumiyligidan boshqa hech narsa yo‘qdek.
Ularni yana birlashtirgan narsa shu ediki, bu ikki daho tik turib yozishni afzal ko‘rgan va bu haqiqatan ham muhim va mazmunli narsalar yaratishning yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligiga ishongan.
Betxoven
Biror bir kompozitsiya yaratishdan oldin Betxoven har doim o‘ziga ko‘p ham, kam ham emas, 60 dona qahva donasidan foydalanib qahva tayyorlagan. Xo‘sh nima bo‘pti deysizmi? Aytish kerakki, Betxoven ichimlik mukammal ta’mga ega bo‘lmasligiga ishonib qahva donalarini maydalab, qaynoq suvda qaynatgan. Shu tarzda u bir finjonga katta miqdordagi kofeinni sig‘dirgan. Qiziq, uning yuragi bunga qanday dosh bera olgan ekan?
Glenn Guld
Bu buyuk pianinochi uzlatda yashagan, shovqinli yig‘ilishlarni xush ko‘ramagan va odamlar orasida o‘zini noqulay his qilardi. Oddiygina qo‘l siqish uni juda asabiylashtirardi. Guld tuzalmas ipoxondrik (vahima kasal) edi. U shamollashdan qo‘rqib, issiqda palto, jun shlyapa va qo‘lqop kiyib yurgan. U yarim tunda do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, unga alla aytishni so‘rashi mumkin edi.
Pablo Pikasso
Tarixchi rassom o‘zining sevimli shoiri Alfred Jarriga taqlid qilib, bir muncha vaqt o‘qsiz to‘pponcha olib yurganligi haqida gapiradi. Qolaversa, u o‘z san’atini tushunishni istamagan, qarashlari va fikriga qo‘shilmaganlarga qarata “o‘q uzgan” ekan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.