G‘ayriixtiyoriy suv parisi: ayol 20 yildan beri suv ichida yashaydi
Hatto olimlar ham buning sababi nimada ekanligini tushuntira olishmayapti.
G‘arbiy Bengaliyalik hindistonlik Pataruni Gosh kamdan-kam uchraydigan kasallikdan aziyat chekishi tufayli 20 yildan ortiq vaqtdan beri ko‘lda yashaydi. 65 yoshli ayol har kuni quyosh botishigacha ko‘lda suzadi, u yerga u tong otganda keladi. Gosh noma’lum kasallik tufayli quyosh vaqtida tashqarida bo‘la olmaydi. Yagona najot - bu oqar suvda ko‘p soatlab suzib yurish.
Aks holda, uning terisi qizarib ketadi, shishlar bilan qoplanadi va chidab bo‘lmas darajada achishadi. Suv omborida hind ayoli eng kami 12-14 soat vaqtini o‘tkazadi. Kech tushgach, u uy yumushlarini bajarishga kirishadi, shundan so‘ng uxlab qoladi.
Taqdir ayolga aqlbovar qilmaydigan sinovlarni tayyorladi. 1998 yilda Gosh ilm-fanga noma’lum teri kasalligiga chalindi. Uning kasallik tarixi bilan tanishib chiqqan mutaxassislar ayolda kuzatilgan kasallik unga genetik tarzda o‘tgani haqida gapiradi. Lekin nima uchun kasallik ayol 40 yoshdan oshganida o‘zini namoyon qilgan?
Ayolning ahvoli haqidagi ko‘plab savollarga javob berish qiyin, chunki Patarunining oilasi juda kambag‘al va chekka hududda yashashi tufayli ular shifokorga murojaat qila olmaydi. Bechora ayolning kechqurun suvdan chiqib, odatdagi uy yumushlarini o‘z zimmasiga olishidan boshqa iloji yo‘q.
Ba’zida kasallik Goshni kecha-yu kunduz ko‘lda o‘tirishga majbur qiladi. Ayol doimiy ravishda bunday turmush tarzini olib bora boshlaganida, uning ishtahasi pasaydi, to‘yib olishi uchun u oyiga bir necha marta ovqatlanishi kifoya. Hindistonlik ayol o‘zini yuqori kaloriyali ovqatlardan tiyib, faqat guruch va sabzavotlarni iste’mol qiladi.
Goshning yaqinlari u o‘zini yolg‘iz his etmasligi uchun, ko‘lmak oldiga kelib, undan xabar olib turishadi. Oila bir kun kelib ayol haqiqatan ham suv parisiga aylanib qolishidan qo‘rqadi. Xurofotli qishloq aholisi esa bir kun kelib Gosh ko‘lning ruhiga aylanib qolishiga ishonishadi. Lekin uning oilasi ertami-kechmi ayol shifokorgacha yetib borishi va tuzalib ketishiga umid qiladi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.