G‘ayrioddiy harakatlari bilan ajablantirgan to‘tiqushlar
Uyimizga qush, masalan, to‘tiqush olib kelsak, uning birinchi so‘zini tinglab, zavqlanamiz. Biroq vaqt o‘tishi bilan to‘tiqush har qanday odamning uydagi gapini ko‘chaga olib chiqadigan oila a’zosiga aylanadi. Hozir shu haqda o‘qiysiz.
Kichkina xaridorcha
Korinn ismli Angliyalik ayol yoqimli sovg‘a qutilari to‘plamini olganida juda hayratlandi. Biroq na eri, na o‘g‘li bu qutilardagi zargarlik buyumlarning qayerdan kelganini bilmas edi, bundan tashqari ular buyurtma bermaganini aytgan. Ammo tez orada voqea qahramoni topildi. Bu oilaning patli uy hayvoni Buddi ismli to‘tiqush bo‘lib chiqdi. Korinn “kichik xaridorcha”ning egasining ovoziga o‘xshatib “Aleks” so‘zini takrorlab, ovozli yordamchi orqali onlayn-do‘kon menyusiga kirib buyurtma berganini videotasvirga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
Korinn uchun 10 funt sterlinglik buyumlarni qaytarish muvaffaqiyatsiz tugadi. Endi ayol ovozli yordamchilarni uzoqroqqa yashiradi. Kim biladi, bu tukli uy parrandasi keyingi safar nima buyurtma berishga qodir ekan...
Xususiy detektiv
Ishonchimiz komilki, bu to‘tiqushning egasi uni gapirishga o‘rgatganiga ming marta pushaymon bo‘lgan. Axir u quvaytlik erkakning barcha sirlarini ochib berdi-da. To‘tiqush erkak o‘zining ma’shuqasiga aylanib qolgan ayol - uy xizmatchisiga pichirlagan barcha gaplarni takrorlay boshladi. Natijada, xoinning xotini sudga murojaat qildi, chunki Quvaytda bunday munosabatlar uchun qattiq jazo belgilangan. Biroq qushning guvohligi jiddiy dalil hisoblanmadi. Shu sababli erkak jazodan qutulib qoldi.
Sarxush o‘g‘rilar
Necha yildirki, Hindiston provinsiyalarining birida dehqonlar to‘tiqushlarning ko‘knori dalalaridagi bosqiniga qarshi kuchli kurash olib bormoqda.
Dastlab qushlarning bunday qiliqlari 2015 yilda kuzatilgan. Biroq fermerlar ta’kidlaganidek, yildan-yilga bangi qushlarning bu kabi “yopirishlar” soni ortib bormoqda. Ayyor qushlar dehqonlarning ko‘knori ko‘ragini tilishini kutishadi, keyin jimgina bildirmasdan dalaga kirib, orzu qilingan o‘ljani ilib olib, uchib ketishadi. Ishchilar bu qushlarni na qo‘rqitishga, na ushlay olishga muvaffaq bo‘lgan, negaki o‘g‘rilar o‘z jinoyatlarini imi-jimida sodir etadi.
Bu to‘tiqushlar giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha maxsus bo‘limda shunchaki oy nurini yoritib, inson hamkasblariga faol yordam berayotgan bo‘lsa ajabmas.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.