Germaniyada eng yuqori doiradagi siyosatchi ham ishini mahalla tizimidan boshlagan
Samarqandda o‘tkazilgan davra suhbatida nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda, xususan, Germaniyada mavjud bo‘lgan mahalla tizimi, uning mexanizmlari haqida gap bordi.
“O‘zbekistonda mahalla – demokratiyaning asosi va manbai” mavzuida davra suhbatida viloyat hokimi o‘rinbosarlari, Konrad Adenauer fondining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ullari, faol mahalla raislari, hokim yordamchilari ishtirok etdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlis Senati, adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada kuchli fuqarolik jamiyati sari o‘tishda mahallaning roli haqida fikrlar bildirildi.
- Menga berilgan mavzu haqida so‘z yuritishdan avval Samarqandga bundan olti yil avval kelganimdagi va hozir ko‘rganlarim orasida juda katta farqni kuzatganimni aytib o‘tmoqchiman, - deydi Germaniya Bundestagi xodimi, tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha referent Kristian Fornek. – Obodonlashtirish ishlari, ko‘chalarning qiyofasi tubdan o‘zgarganiga guvoh bo‘ldim. Bugungi anjumanda Germaniyadagi o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi – kommunalar haqida gapirmoqchiman. Germaniyada ayni paytda 14 ming mahalla, ya’ni kommuna mavjud. Bizda kommunalar faoliyatiga katta e’tibor qaratiladi, sababi fuqarolarning hayotini shakllantirishda, eng kichik masaladan tortib, ijtimoiy ahamiyatga molik muammolar bo‘yicha ham bu tizimning ahamiyati katta. Kommunalar o‘zlarining mustaqil maktabi, bog‘cha, shifoxonalari, cho‘milish havzalari va hokazolariga ega. Mahalliy doiradagi saylovlar juda katta e’tibor va qizg‘inlik bilan o‘tadi. Chunki o‘z mahallasidagi rivojlanishdan fuqarolar manfaatdor. Alohida ta’kidlash kerakki, Germaniyada eng yuqori doiradagi siyosatchi ham faoliyatini, avvalo, mahalladan boshlagan.
Kommunalar ikki xil soliqni o‘zlarida olib qoladi, bu – yer solig‘i va hududidagi tadbirkorlikdan tushadigan soliq. Ammo kommunalar zimmasida katta mas’uliyat bo‘lgani uchun bu mablag‘ yetarli emas. Misol uchun, Berlindagi hukumat barcha bolalar ikki yoshdan bog‘chaga borishi kerak, mazmunida qaror chiqarsa, uning ijrosi bevosita kommunalarga borib taqaladi. Xususan, o‘z hududida bog‘cha uchun yer ajratish, uni qurish uchun mablag‘ topish, bog‘chada ishlovchilarni topishgacha bo‘lgan jarayon kommunalarning zimmasida.
Shuning uchun kommunalarning moliyaviy holati Germaniya siyosatida muhim masala. To‘g‘ri, uning ba’zi xarajatlari markaziy hukumatdan to‘lab beriladi, ammo bu yetarli emas. Shuning uchun markaziy hukumat kommunalar borasida qaror chiqarar ekan, uning moliyaviy holati haqida ham o‘ylab ko‘rishi kerakligini ko‘p takrorlaymiz.
Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu davra suhbati respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan Faol fuqarolar haftaligi doirasidagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Anjuman doirasida tashkilotchi idoralar vakillari ham so‘zga chiqib, mamlakatimizda mahalla tizimida olib borilayotgan ishlar, tizimdagi o‘zgarish va yangiliklarga to‘xtalib o‘tdi.
Gulruh Mo‘minova.