Giyohvandlik vositalarini sotganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishdagi muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.