G‘oyib bo‘lgan odamlar
Har yili minglab odamlar bedarak yo‘qoladi, ko‘pchiligini qidirish ham muvaffaqiyatsiz tugaydi. Ayrimlari tushunib bo‘lmaydigan holda shundoqqina tanish–bilishlari ko‘z o‘ngida g‘oyib bo‘ladi. AQShda yozuvchi va sobiq politsiyachi Devid Polides ana shunday sirli hodisalarni o‘rganish bilan shug‘ullangan.
- 1897 yil avgustdagi hodisa odamlarni larzaga soldi, - deb yozadi u kitobida. – Plen shtatidan olti yoshli Lilian Karni ota-onasi bilan o‘rmonga qo‘ziqorin terishga boradi. Ota-onasi qizaloqni bir zum ham ko‘zdan qochirmaydi, biroq aqlbovar qilmas holatda qizaloq to‘satdan g‘oyib bo‘ladi.
Ota-ona qizaloqni topish uchun o‘zlari yashayotgan shaharchadan 200 kishini boshlab kelishadi. Qidiruvchilar voqea sodir bo‘lgan joy atrofidagi har bir buta, har bir ungurni qarab chiqishadi. Biroq qizaloq topilmaydi. Qidiruvchilardan biri hatto katta odamlar ham o‘tolmaydigan chakalakni ko‘zdan kechirishga jazm qiladi va Lilianni topib oladi. Qizaloq g‘oyib bo‘lgan joydan juda olisda bo‘lgan bu chakalakka u qanday kelib qolgan?
Qizaloqni g‘alati hushsiz holatdan o‘ziga keltirganida u ota-onasi bilan qo‘ziqorin terishayotgan joydan qimirlamaganini gapirib beradi. Vaholanki, qizaloq quyosh nuri ham tushmaydigan qorong‘u chakalakzorda ikki kecha-kunduz bo‘lgandi. Uning aytganlari hammani hayratda qoldirdi. G‘ayritabiy hodisa tadqiqotchilari Lilian Karni nimalarni boshdan kechiradi, bu hodisa qanday sodir bo‘ldi, hozirgacha tagiga yetishgani yo‘q: uni NUJ o‘g‘irlaganmikan yoki allaqanday vaqt “girdobiga” tushdimikan?
- Bunday hodisalar ko‘proq bolalar bilan sodir bo‘lgani kishini ajablantiradi, - deb davom etadi Devid Polides. - 1898 yil 25 avgust kuni uch yashar Elis Reychil Pek xarxasha qilib, o‘rmonga meva tergani borayotgan onasiga ergashib oldi, ko‘p o‘tmay kichkintoy ko‘zdan yo‘qoldi. Qayerda? Uzoq qidiruvlar natijasiz tugadi. Kutilmaganda uchinchi kun oxirida Elich g‘oyib bo‘lgan joyidan besh mil naridan topildi. Bolakayning hech narsa bo‘lmaganday o‘rmon kezib yurgani va besh mil masofani bosib o‘tgani barchani hayratda qoldirdi. Uni uyqusiraganday yarim hushsiz holatdaligi g‘alati edi.
Elis o‘ziga kelganidan so‘ng gapirib berishicha, yo‘lda ancha yalangoyoq yurgan. Yo‘qolgan paytida go‘dak oyog‘idagi botinkasini eslolmaydi. Undan yo‘qolgan joyidagi xarsang toshni qanday aylanib o‘tgani so‘ralganda, u bu yerdan “Qora odam” o‘tkazib qo‘yganini aytdi. U bolakayning botinkasi va shapkasini nega yechib olgani jumboq.
1939 yil 15 iyulda Amerikaning Pensilvaniya shtatidagi Redingo qishlog‘i yaqinida 70 yoshli kampir Emma Steffi yo‘qolib qoladi. Uch kun davomidagi qidiruvda tevarak atrofdagi barcha joylar tekshirib chiqiladi, biroq kampir topilmaydi. Xotirasini yo‘qotgan ayol uyga o‘zi kirib keladi, ammo ko‘p o‘tmay noma’lum sababga ko‘ra vafot etadi. U qanday qilib xotirasini yo‘qotgan, uch kun davomida qayerda bo‘lgan, nima hodisa ro‘y bergani sirlarigicha qoldi.
Odamlar bilan tushunib bo‘lmaydigan bunday sirli hodisalar ko‘p sodir bo‘ladi. Ajablanarlisi shundaki, to‘satdan yo‘qolgan odam ko‘z ochib yumguncha ancha olislarda paydo bo‘lib qolgan. Keyinchalik topilganlar o‘zlari bilan nimalar ro‘y berganini tushuntirib berolmaydi. Ayrimlari esa voqea sodir bo‘lgan joydan minglab kilometr naridagi allaqanday manzilda bo‘lganini hikoya qiladi, o‘sha joyni mayda-chuyda ikir-chikirlarigacha tasvirlab beradi. Tekshirib ko‘rilganida u borgan manzilini bexato tasvirlab bergani ma’lum bo‘ladi. Savol tug‘iladi: borishi uchun haftalab, oylab vaqt talab qilinadigan olis masofaga yo‘qolgan odam ikki-uch kun ichida qanday borib kelgan? Uni kim, nima uchun olib borib kelgan?
Xullas, javobdan ko‘ra savollar ko‘p.
Rus tilidan T.Shomurodov tarjimasi.