Gruziya bosh vaziri Baku va Yerevanga Tbilisida muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi
Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya Ozarbayjon va Armanistonga harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatish maqsadida Tbilisida muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
“Mintaqada iloji boricha tezroq tinchlik o‘rnatilishi barchamizning umumiy manfaatimizdir. Gruziya Tbilisida tomonlar vakillarining muzokaralarini o‘tkazishga har qanday shaklda o‘z hissasini qo‘shishga tayyor”, dedi Gaxariya.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yuzaga kelgan harbiy to‘qnashuv oqibatida og‘ir vaziyat yuzaga kelmoqda. Ko‘p sonli qurbonlar bor. Biroq shunga qaramasdan, harbiy harakatlar to‘xtatilmayapti, muzokaralardan esa darak yo‘q. Gaxariya vaziyatning yanada keskinlashishi butun mintaqa xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari, Gruziya bosh vaziri YeXHT Minsk guruhini va xalqaro hamjamiyatni vaziyatni yumshatish va muzokaralar boshlanishini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi.