Gunohlar necha xil bo‘ladi?
Gunohlar uch xil bo‘ladi: kechiriladigan, kechirilmaydigan, tark qilmay so‘raladigan gunoh.
Kechiriladigan gunoh – Alloh taoloning haqqida qilingan gunoh. Masalan, namoz o‘qimaslik, uzrsiz ro‘za tutmaslik, qodir bo‘la turib hajga bormaslik, aroq ichish kabi.
Kechirilmaydigan gunoh – Alloh taologa shirk keltirish. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
«Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa, kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, katta gunohni to‘qibdir» (Niso surasi, 48-oyat).
Qo‘ymay, to‘xtatmay so‘raladigan gunoh – bandalarning haqqida qilingan gunoh. Masalan, birovdan olingan qarzni ado etmaslik, birovning haqqini bermaslik va hokazo.
Biz hamma gunohlar kechiriladi deb o‘ylaymiz. Ammo gunohlari kechiriladi degan mazmundagi barcha hadislarda Alloh taoloning haqqida sodir etilgan gunohlar nazarda tutilayotgan bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi uni tuqqan kundek qaytadi», dedilar». Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
Ixlos bilan qilingan haj bandaning Alloh taolo haqqida qilgan gunohlarining kechirilishiga sabab bo‘ladi. Ammo bandalarning haqqida qilgan gunohlarining kechirilishiga sabab bo‘lmaydi. Bu gunohlar kechirilishi uchun inson o‘sha haqdorning oldiga borib, uning roziligini olishi yoki qarzini ado etishi kerak.
Gunohlarning kechirilishi haqidagi mana bu hadisga e’tibor beraylik:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi (o‘tgan) gunohlari mag‘firat qilinadi», dedilar . Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Bu hadisda aytilayotgan gunohlar ham Allohning haqqida sodir etilgan gunohlardir, bandalarning haqqiga tegishli gunohlar emas. Ha, ixlos bilan tutilgan ro‘za bandaning haqqiga tegishli gunohlarning kechirilishiga sabab bo‘lmaydi. Hatto shahid bo‘lgan odam birovdan qarz bo‘lsa, to qarzi ado etilmagunicha u ham jannatga kirolmay turadi.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh shahidning qarzidan boshqa hamma narsasini kechadi”. Imom Muslim rivoyati.
Ha, qarzni ado qilish juda muhimdir. Alloh taolo banda to odamlardan olgan qarzidan qutilmaguncha uni mag‘firat etmas va jannatiga kiritmas ekan.
Qarzni olayotganda niyatning buzilishi ham kishining og‘ir ahvolda qolishiga sabab bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimki birovdan qaytarib berish niyatida qarz olsa, Alloh unga qarzini uzishga yordam beradi. Kimki moliga talofat yetkazish maqsadida olsa, Alloh uning o‘ziga talofat yetkazadi”. Imom Buxoriy rivoyati.
Azizlar, avvalo, Robbimizning buyurganlarini o‘z vaqtida ado etib, qaytarganlaridan qaytishga astoydil urinaylik! Qolaversa, odamlardan olgan pullarimizni tezroq egalariga qaytarib berish payidan bo‘laylik!
Alloh taolo barchamizni gunohlarning hamma turidan saqlab, O‘zining huzuriga yorug‘ yuz bilan borishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi.