HAMAS urushni tugatish uchun barcha garovga olinganlarni ozod qilishga tayyor. AQSh Xitoy bojlarini pasaytirishi mumkin. Checheniston rahbarining salomatligi yomonlashmoqda, u hukumatni o‘g‘liga o‘tkazmoqchi

🔹 HAMAS G‘azodagi urushni tugatish va isroillik garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar bilan almashish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga erishmoqchi, dedi guruhning yuqori martabali rasmiysi Isroilning vaqtinchalik sulh taklifini rad etib. Misr vositachilari yanvar oyidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni qayta jonlantirish ustida ishlamoqda, biroq taraqqiyot deyarli yo‘q, Isroil va HAMAS bir-birini ayblamoqda.
🔹 Xitoy mahsulotlariga qo‘yilgan 145 foiz AQSh bojxona to‘lovlari kamaytirilishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Oq uyda jurnalistlar bilan bo‘gan qisqa suhbatda aytgan. Uning aytishicha, Vashington va Pekin yaqin uch-to‘rt hafta ichida savdo kelishuvlariga erishishi mumkin. Ammo bugun Xitoy avj olgan savdo urushi fonida Amerikadan suyultirilgan gaz sotib olishni vaqtincha to‘xtatdi. Suyultirilgan gaz Xitoyga endi asosan Rossiyadan keladi.
🔹 AQSh Davlat kotibi Marko Rubio aytishicha, agar Ukrainadagi mojaroga barham berilmasa, AQSh o‘z sa’y-harakatlarida “davom etishi” kerak. "Tramp 87 kun davomida ushbu urushni tugatish uchun sa’y-harakatlar qildi. Endi bu mumkin yoki yo‘qligini hal qilishimiz kerak bo‘lgan nuqtaga keldik. Shuning uchun biz ikkala tomonni ham jalb qilamiz", dedi M.Rubio.
🔹 So‘nggi paytlarda sog‘lig‘i yomonlashgani sababli omma oldiga kamdan-kam chiqayotgan Ramzan Qodirov kutilmaganda Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasidagi uchrashuvda paydo bo‘ldi. 2024 yil avgustida Putin bilan norasmiy uchrashuvda Qodirov o‘g‘li Adamni o‘zining vorisi sifatida ko‘rish niyatini bildirgan va bu qonunni buzmasligi uchun “sxema tanlash”ni taklif qilgan. Biroq u rad etildi. Shundan so‘ng, manbalarga ko‘ra, Qodirov Qatar rahbariyati bilan yashirin muzokaralarni boshlagan. Checheniston rahbarining salomatligi yomonlashishda davom etmoqda va yaqin kelajakda u o‘z vazifalarini bajarish qobiliyatini butunlay yo‘qotishi mumkin.
🔹 Bir kechada 56 ta Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Rossiya hududlarida urib tushirildi.
🔹 AQShning Yamandagi zarbalari oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi.
🔹 Rossiyaning Anapa shahrida mazut oqishi sababli kurort mavsumining ochilishi taqiqlandi.
🔹 AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden davlat rahbari lavozimini tark etgach, tadbirlarda ma’ruzachi sifatida o‘z xizmatlarini taklif qila boshladi, u bir nutq uchun "atigi" 300 ming dollar so‘raydi. New York Post aytishicha, agar Bayden boshqa shaharda gapirsa, unga shaxsiy samolyot va besh nafar xodim uchun xarajatlar ham kerak bo‘ladi. Biroq, siyosatchini tinglaydigan odam kam.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.