Hamshiralikka ishga kiritib qo‘yish evaziga pul talab qilgan firibgarlar tibbiyot xodimi emas
Kecha, 2 dekabr kuni Zarnews.uz saytida “Samarqandda hamshiralikka ishga kiritib qo‘yish evaziga 800 dollar talab qilgan shaxslar qo‘lga tushdi” sarlavhasi bilan xabar tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati tarqatgan ushbu xabarga ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida ishlovchi “R” va “A” ismli shaxslar N. ismli fuqaroni hamshiralikka ishga kiritib qo‘yish evaziga 800 AQSh dollari talab qilganligi va o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida ushbu shaxslar ariza muallifidan 800 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinganligi aytilgan.
Qo‘lga olingan har ikkala shaxs xabarda ko‘rsatilganidek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida faoliyat yuritmasligini ma’lum qilamiz.
Shu bois viloyat IIB axborot xizmati mas’ullaridan masalaga chuqurroq yondashgan holda, voqea tafsilotlari bilan yaqindan tanishib chiqishlarini va mazkur xabarga tuzatish kiritishini so‘raymiz.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali ma’muriyati.