Haqorat qilganlik uchun qanday javobgarlik bor?
Haqorat qilganlik – shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda haqorat qilgan shaxsga nisbatan 4 460 000 so‘mdan 8 920 000 so‘mgacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Jinoyat kodeksiga asosan haqorat qilgan shaxsga:
44 mln 600 ming so‘mgacha miqdorda jarima;
240 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi berilishi mumkin.
Haqorat qilish nashr qilish, boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV orqali amalga oshirilsa ushbu harakat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyat hisoblanadi va aybdor:
44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha jarima;
240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Agarda haqorat qilish:
• jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;
• xavfli retsidivist tomonidan;
• tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa:
89 mln 200 ming so‘mdan 133 mln 800 ming so‘mgacha miqdorda jarima;
2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
1 yilgacha ozodlikni cheklash;
1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Faxriddin Samatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.