Har kuni 1,5 mingga yaqin samarqandlik koronavirusga test topshirmoqda

Koronavirus bilan bog‘liq shu kunning dolzarb savollari bilan viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Xayrulla Boymurodovga murojaat qildik.

- Ko‘pchilik samarqandliklar koronavirusni aniqlash uchun testni qayerda topshirsa bo‘ladi, degan savolga qiziqmoqda.

- Koronavirusga test olishda hozircha aholining barcha qismini qamrab ololmaymiz. Ayni kunlarda faqat tibbiy va epidemiologik ko‘rsatmasi bor insonlargina test topshirish imkoniga ega. Ya’ni, harorati ko‘tarilgan, klinik belgilari shifokorlar tomonidan koronavirus xavfi bor, deb topilgan insonlar uchun test sinamalari o‘tkaziladi. Shuningdek, koronavirusga chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan hamda karantinga olingan kishilargina hozircha shunday imkonga ega.

- Har kuni o‘rtacha qancha aholining test sinamalari tekshirilmoqda?

- Har kuni ming nafardan 2 mingga yaqin bo‘lgan aholi o‘rtasida test olinayapti.

- Ayni paytda koronavirus xastaligidan tuzalgan kishilar keyin bemalol o‘z oilasi davrasiga qaytayaptimi yoki ular uchun qandaydir cheklovlar mavjudmi?

- Ushbu darddan forig‘ bo‘lgan insonlar yana 14 kun mobaynida reabilitatsiyaga kuzatiladi. Ushbu vaqt davomida ularning salomatligi to‘liq nazorat ostida bo‘ladi. Agar bu davr ichida ularning salomatligidan shikoyati bo‘lmasa, qolaversa, shifokorlarning so‘nggi xulosalari asosida ular uyiga, o‘z oilasi davrasiga qaytishlari mumkin.

- Demak, ularning sog‘lom insonlar orasiga qaytishlariga hech qanday monelik yo‘q va odatiy yashash tarzida davom etishadi, to‘g‘rimi?

- Albatta. Xuddi boshqa kasalliklardan davolanib chiqqach, qanday holat bo‘lsa, ularda ham xuddi shunday. Davolanib chiqqach, ular virus tashuvchi hisoblanilmaydi va kasallikni o‘zida saqlab qolmaydi. Hozircha mamlakatimizda respublika mutaxassislarining bildirgan fikrlariga ko‘ra, virusdan davolanib chiqqan insonlarning unga qaytadan chalinish holati kuzatilmagan. Tabiiyki, ular ham ayni paytda barcha fuqarolar singari karantin qoidalariga qat’iy rioya etishlari lozim.

Gulruh MO‘MINOVA.