Harbiy ta’lim muassasalariga “kiritib qo‘yadigan” firibgar qo‘lga olindi

2021 yil 14 yanvar kuni Samarqand viloyati IIBga, Past Darg‘om tumanida yashovchi T.M. ariza bilan murojaat qilib, shu tumanda yashovchi Ya.Z. ismli ayol uni tanishlari orqali Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga va ukasi 2004 yilda tug‘ilgan T.O. ni Toshkent shahridagi “Temurbeklar maktabi”ga o‘qishga kiritib berish evaziga 3000 AQSh dollari miqdorida pullarni olib, ularni o‘qishga kirgizmasdan, yana 400 AQSh dollari miqdordagi pullarni talab kilayotganligi bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan 2021 yil 14 yanvar kuni viloyat IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, Ya.Z. arizachi T.M. dan 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Olib borilgan tezkor ishlar davomida Ya.Z. bir necha fuqarolardan, jumladan, B.F. dan Milliy gvardiya harbiy-texnik institutiga kiritib qo‘yish evaziga 2500 AQSh dollariga kelishib, oldindan 400 AQSh dollari olganligi, fuqaro T.D. dan o‘g‘lini “Temurbeklar maktabi”ga o‘qishga kiritish evaziga 2000 AQSh dollari olganligi, fuqaro N.R. dan ikki nafar farzandini “Temurbeklar maktabi”ga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.