Harbiy xizmatchida farqli huquqlar bor

Rost, Vatan himoyasi yo‘lidagi xizmat jozibadorligini oshirish uchun qator chora-tadbirlar belgilangan. Misol uchun, kontrakt asosidagi harbiy xizmatchiga 30 kalendar kuni (davlat xizmatchisinikidan ko‘p) ta’til, ta’til o‘tkazish joyiga borib-kelish uchun 3 kundan ko‘p bo‘lmagan qo‘shimchani aytib o‘tish mumkin.

Bu kabi ishlar Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini oshirish maqsadini ko‘zlagani shubhasiz. Milliy armiyamiz tashkil qilingan kun bahonasida ularning ayrimlarini Siz bilan bo‘lishishni lozim topdik.

Uy-joy beriladi

Davlatimiz rahbarining tegishli qarorida harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqsiz deb topilib, iste’foga chiqarilgan Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini, shuningdek, vafot etgan harbiy xizmatchilarning, ularning xizmat muddatidan qat’i nazar, oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash belgilangan.

Vazirlik tomonidan uy-joy bilan ta’minlanmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joyning hisoblangan qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal pulini Davlat byudjeti mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lash yo‘li bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi bo‘yicha turarjoylar berilishi mumkin.

Tavsiyanoma - talabalik uchun imtiyoz

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirganligini yakuniy baholash hamda ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni qabul qilish uchun har bir muddatli harbiy xizmatchi test sinovlarining natijalari, namunali harbiy intizomi va o‘quv fanlaridan qo‘yilgan yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi yig‘indisi jamlanadi. Xizmat mobaynida Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar test sinovlarining natijalaridan qat’i nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.

Tavsiyanoma olganlar respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi.

Boshqa oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.

Taqdim etilgan tavsiyanoma uch yil mobaynida amal qiladi.

Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlarining farzandlariga oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun 5 foizli kvota hamda burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish to‘g‘risida tavsiyanomalar beriladi.

Bog‘chaga navbatsiz

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning farzandlari yashash joyi, shu jumladan vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli ro‘yxat asosida, o‘rta ta’lim muassasalari, shuningdek vazirliklarning bolalar sog‘lomlashtirish lagerlariga navbatsiz qabul qilinadi.

Eng muhimi - intizom

Oliy harbiy ta’lim muassasasini bitirgandan keyin o‘qishni tugatgandan so‘ng tuzilgan kontrakt bo‘yicha ko‘zda tutilgan muddat tugamasdan harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgan, shuningdek kontrakt shartlarini bajarmaganligi, sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligi sababli bo‘shatilayotgan yoki bunday kontraktni tuzishdan bosh tortgan harbiy xizmatchi qonunchilikka muvofiq uni o‘qitish uchun sarflangan byudjet mablag‘larini davlatga qoplab beradi.

(Harbiy xizmatchini oliy harbiy ta’lim muassasasida 4 yil o‘qitish uchun BHMning 1300 baravari miqdorida byudjet mablag‘lari sarflanadi).

Yo.Marqayev tayyorladi.