Harbiylar Nodir Jonuzoqning muhabbatni madh etgan, Abdurazzoq Obro‘yning "ichakuzdi" she’rlaridan bahramand bo‘ldi

Markaziy harbiy okrug madaniyat va ma’rifat markazida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Xalq va armiya bir tanu – bir jon” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi Nodir Jonuzoq, mazkur kengashning viloyatdagi a’zosi Farmon Toshev, taniqli shoir, iste’fodagi podpolkovnik Abdurazzoq Obro‘y qatnashib, harbiy xizmatchilarni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi.

Keyingi yillarda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Harbiy bo‘lish naqadar sharafli va albatta o‘ta mas’uliyatli kasb ekanligi ta’kidladi.

Tadbirda harbiylar Nodir Jonuzoqning muhabbatni madh etgan, Abdurazzoq Obro‘yning "ichakuzdi" she’rlaridan bahramand bo‘ldi. X.Ochilov va F.Toshev harbiylar hayoti bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni aytib berdi.

- Harbiy xizmatchilarning harbiy tayyorgarligi barobarida intellektual salohiyatli bo‘lib borayotgani, ya’ni ko‘ngil tayyorgarligi, ruhiy tayyorgarligi biz ijod ahlini quvontirdi, - deydi Nodir Jonuzoq. – Bu, albatta, harbiylarning ma’naviy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan ishlarning samarasi. Meni xursand qilgan yana bir jihat - kutubxonadagi kitoblarning yelimlangani, ta’mirlangani bo‘ldi. Chunki kitob ko‘p o‘qilsa eskiradi, qo‘lma-qo‘l bo‘lsa ta’mirlanadi. Bu kitoblar ko‘plab harbiy xizmatchiga ma’naviy ozuqa bo‘lganidan nishona.

Mehmonlar tomonidan tadbirda faol qatnashgan harbiylarga va harbiylar kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilishdi.

Husan Eltoyev.