Harbiylar viloyat hokimidan nima so‘radi?
Avval xabar qilganimizdek, Markaziy harbiy okrugda viloyat hokimi E.Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi tinglovchilari, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar bilan uchrashdi.
Vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi harbiylarni bayram bilan qutlab, yosh harbiylar bilan sohadagi o‘zgarishlar, yangilanishlar xususida suhbatlashdi. Ularning maqsad-o‘ylari, orzu-istaklari bilan qiziqdi.
Harbiylar uy-joy, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ijaradagi xizmatchilar uchun yetarli sharoit yaratish hamda bolalarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qilishdi.
- Viloyat hokimining bayram oldidan o‘tkazilgan bu uchrashuvi biz harbiylarga bayramona kayfiyat va shijoat bag‘ishladi, - deydi kichik serajant Ixtiyor Haqqulov. – Harbiylarni qiynayotgan aytarli muammolar yo‘q. Prezidentimiz tashabbusi, qolaversa, viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari sa’y-harakati bilan biz uchun ko‘pgina qulayliklar yaratildi. Men bugungi uchrashuvda shaharchamizdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha binolar qurilishi kerakligi xususidagi takliflarimni o‘rtaga tashladim. Viloyat hokimi bu taklifimni mamnuniyat bilan qabul qildi va qisqa fursatda harbiylar farzandlari tarbiyalanayotgan MTT uchun qo‘shimcha bino va sharoitlar yaratilishini aytdi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi xizmat jarayonida alohida o‘rnak ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga esdalik sovg‘alari topshirdi.
Tadbirdan keyin E.Turdimov kursant va askarlar oshxonasi bilan tanishdi hamda harbiylar bilan birga tushlik qildi.
To‘lqin SIDDIQOV.