Kattaqo‘rg‘onlik yoshlarni nima qiynayapti?

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning yoshlar bilan  navbatdagi uchrashuvi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 37-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Bu galgi uchrashuvda viloyat hokimi, boshqarma va idoralar rahbarlari, tuman mutasaddilari bilan birga shu hududdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat S.Ostonov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda ishsiz va endigina tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan hamda ishlab chiqarishni kengaytirishni maqsad qilgan, ammo bu borada muammolarga duch kelayotgan yoshlar ishtirok etdi.

Sardorjon Bahromov  o‘zi istiqomat qiluvchi Polvontepa qishlog‘ida mebel ishlab chiqarish, tikuvchilik sexi, fitness-klub, sport zali ochmoqchi. Bu orqali u nafaqat yaqinlari, balki 100 nafardan ortiq qishloqdoshlarini ham ish bilan ta’minlamoqchi. U tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun joy va kredit masalasida yordam so‘radi.

Ushbu masala bilan tuman hokimi va tegishli bank rahbari shug‘ullanib, zarur amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi. 

Uchrashuvda chorvachilik, parrandachilik, biznesni tashkil etish uchun moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan  yoshlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Viloyat hokimi bunday yigit-qizlarga naslli chorva mollari olish uchun tegishli fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzishlari kerakligini aytdi va Xalq banki tomonidan ularga kredit ajratib beriladigan bo‘ldi.  Bekjon Shaymanov uchrashuvda nafaqat o‘zi, balki Bunyodkor mahallasi aholisining muammosiga yechim topish maqsadida murojaat qildi. Ya’ni tuman markazidan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallada tibbiyot punkti tashkil etish, tez yordam avtomashinasi ajratish so‘raldi. E.Turdimov 2021 yil 1 yanvargacha ushbu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Uchrashuvda yoshlar biznes boshlashlari uchun yer ajratib berishni so‘rashdi. Ularga yerni auksion orqali sotib olish tartibi tushuntirildi. Hozirda tumanda  40 dan ortiq yer uchastkalar auksion  savdolarga qo‘yilganligi ma’lum qilindi.

Barcha murojaatlar ijrosi yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.